Shvetsiyaning Uppsal universiteti olimlari tadqiqot o‘tkazib, iti bo‘lgan odamlar yurak-tomir xastaliklariga kamroq duch kelishi va shu tariqa, iti bo‘lmagan odamlardan ko‘ra, uzoqroq umr ko‘rishini aniqladi, deb yozadi Afisha Daily.
Olimlar 3,4 million shvetsiyalikning salomatligi haqidagi so‘nggi 12 yillik ma’lumotlarni tahlil qilib chiqdi. Tadqiqot ishtirokchilari ikki guruhga — it egalari va iti yo‘qlarga ajratildi. Iti borlarda yurak-tomir xastaliklaridan vafot etish xavfi 23 foizga pastroq bo‘lib chiqdi. Ma’ruzaga ko‘ra, itlar o‘z egalariga ijtimoiy ko‘mak taqdim etib, ularni jismoniy faollikka undaydi (bunda gap sayrga chiqishlar haqida bormoqda).
Tadqiqot mualliflari yolg‘iz it egalari o‘lim xavfining pastligini alohida ta’kidladi. Bu holda barvaqt o‘lim xavfi iti bo‘lmagan yolg‘iz odamlarga nisbatan 33 foizga kamroqdir. Tadqiqotchilar fikricha, itlar o‘z egalariga stress, ijtimoiy yakkalanib qolish, depressiya va yolg‘izlikni yengishda yordam beradi.
Ammo olimlar umr uzoqligi va uyda it borligi o‘rtasidagi bog‘liqlikning boshqa sabablari ham bo‘lishi mumkinligini qayd etdi. “Bizning tadqiqotimiz itlarning yurak-tomir kasalliklariga sababli ta’sirini isbotlamaydi”, — deya xulosa qildi ular.
Izoh (0)