Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining 29-turidan keyin barcha masala hal bo‘ldi. So‘nggi — 30-tur amalda deyarli hech narsani belgilab bermaydi.
Samarqandda 5 ta gol urgan “Lokomotiv” klubi qatorasiga ikkinchi bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi
“Lokomotiv” qatorasiga ikkinchi bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, “Paxtakor” darvozasiga javobsiz 4 ta gol urgan “Nasaf”ning vitse-chempion ekani oydinlashib bo‘ldi. Kelasi mavsum “Loko” Chempionlar Ligasining guruh bosqichida, Qarshi klubi esa saralashida o‘ynaydi. Yana bitta yo‘llanma egasi 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Kubogining finalidan keyin aniq bo‘ladi.“Nasaf” Qarshida “Paxtakor”ni yirik hisobda yengib, Chempionlar Ligasiga yo‘l oldi. Toshkent grandi arosatda qoldi
PFL Oliy Liga jamoalari sonini 2018-yilgi mavsumdan boshlab 12 ta qoldirish haqidagi qarorini e’lon qilgach, Toshkentning “Obod”, G‘uzorning “Sho‘rtan” va Farg‘onaning “Neftchi” klublari quyi ligaga tushib ketgandi. Ammo keyinroq tashkilot bosh direktori Omon G‘ofurov Sport-TV kanalida chiqish qilib, “Neftchi” rasman elita bilan xayrlashmaganini, barcha masala litsenziyalashdan keyin hal bo‘lishini aytdi.Shundan kelib chiqilsa, Oliy Ligani kim tark etgani borasida aniq axborot berishning o‘zi absurd bo‘lib qoldi. Aniq tomoni, “Obod” PFL tomonidan ligadan chetlashtirilgan, FIFA esa “Sho‘rtan”ni ham chetlashtirishni so‘rab, O‘FFga xat yozgan.
PFLning 11-o‘rindan pastda joylashgan klublar Birinchi Ligaga ravona bo‘ladi, degan bayonotidan kelib chiqilganda esa, yuqoridagi klublarga qo‘shilib, Jizzaxning “So‘g‘diyona” va Samarqandning “Dinamo” klublari ham elitani tark etdi. Mazkur turda Navoiyning “Qizilqum” jamoasi ham zafar quchgani inobatga olinsa, bu ikki klubda 12-o‘rindan yuqoriga ko‘tarilib olishning nazariy imkoniyati qolmadi.
Vaholanki, “So‘g‘diyona” 29-turda o‘z irodasini ikki karra namoyish qilgandi. Shkvirin shogirdlari hisobda ortda bora turib, g‘alaba qozonishdi. Ular birinchi golni bir kishi kam bo‘lib, ikkinchi golni ikki kishi kam bo‘lib kiritdi.
Samarqandning “Dinamo” klubi esa o‘z uyida “Lokomotiv”ga chempionlik to‘nini kiydirdi va yirik mag‘lubiyat qabul qilib oldi. Endi ular biladiki, chempionatdagi o‘rin hech narsani hal qilmaydi. Barcha masala litsenziyalashdan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
O‘zbekiston Oliy Ligasi 29-tur bellashuvlari 19-noyabr, yakshanba
Izoh (0)