Arxeologlar Turkiyaning Van ko‘li ostidan Urartu davlati zamonida barpo etilgan uch mingyillik qal’a xarobalarini topdi, deb yozadi National Geographic.
Turkiya sharqida suvosti tadqiqotini Van Yuzuncu Yil universiteti olimlari olib bordi. Suvi sho‘r Van ko‘li mamlakatdagi eng katta ko‘l. Bu hududdagi ilk odam izlari paleolit davriga mansub, eramizdan avvalgi XI-VI asrlarda esa buyuk Urartu davlati uning yon-atrofida joylashgan. Uning poytaxti Tushpa shahri aynan suv havzasi qirg‘og‘ida joylashgan.
Bugungi kunda yorqin moviy rangdagi Van ko‘lining xushmanzara peyzajlari sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi, biroq u mutaxassislar tomonidan arxeologiya uchun muhim joy sifatida o‘rganilmagan. Ekspeditsiya qiziqarli natijalar berdi.
Olimlar o‘n metrdan ortiq chuqurlikda kvadrat kilometrga yaqin maydonni egallagan binoni topdi. Uning devorlari balandligi to‘rt metrgacha yetadi. Shu yerning o‘zida sherning tosh haykali topildi. Urartu davlati zamonida qurilgan qal’a ko‘l suv sathi oxirgi yuzyillikda 150 metrga ko‘tarilganligi tufayli suv ostida qolgan.
Izoh (0)