Rossiya mudofaa vazirligi oltita Tu-22M3 olis masofali bombardimonchilarining Suriyaning Abu Kamol shahridagi IShID marralariga zarba berishi aks etgan videoni e’lon qildi. Video idoraning Facebook’dagi sahifasiga joylashtirildi, deb xabar beradi “RBK”.
Videoda bombardimonchilar parvozi ko‘rsatilgan. Keyin esa samolyot lyukni ochib, bombalar tashlaganini ko‘rish mumkin.
Oltita Tu-22M3 Iroq va Eron ustidan uchib o‘tib, Suriyada IShID marralarini o‘qqa tutgani bir muddat oldin xabar qilingan edi.
Mamlakat mudofaa vazirligiga ko‘ra, bombardimonchilar Rossiya hududida havoga ko‘tarilib, Iroq va Eron ustidan uchib o‘tgan. Ular tayanch nuqtalari, tirik kuch to‘plangan yerlar va terrorchilarning zirhli texnikasini nishonga olgan.
Obyektiv nazorat vositalari barcha snaryadlar nishonga yetib borganini ko‘rsatdi. Barcha samolyotlar uchib chiqqan aeroportlariga qaytdi. Bombardimonchilarni Suriya osmonida Xmeymim aerodromidan chiqqan Su-30SM qiruvchilari qo‘riqlab turdi.
Izoh (0)