15-noyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya Germaniyaga tashrifi doirasida Siemens konsernining Myunxendagi shtab-kvartirasida bo‘ldi. Bu haqda Uz24 xabar bermoqda.
Tashrif doirasida kompaniya boshqaruvi a’zosi Roland Bush, Siemens’ning Rossiya va Markaziy Osiyodagi prezidenti Ditrix Meller bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda energetik, sanoat, transport sektorlari hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Myunxendagi tadbir doirasida bir necha sohalardagi hamkorlik bo‘yicha qator strategik hujjatlar imzolandi. Jumladan, tomonlar “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi realizatsiyasi bo‘yicha hamkorlik qilmoqda. Tegishli memorandum Siemens hamda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘rtasida imzolandi.
Bundan tashqari, Siemens “O‘zneftgazmash” AJ bilan kelishuv, “O‘zbekenergo” AJ va “Milliy energiya tejash kompaniyasi” AJ bilan Siemens-Gamesa orqali memorandum imzoladi.
Yana bir hujjat sog‘liqni saqlash vazirligi va Siemens Healthcare kompaniyasi o‘rtasida imzolandi. Unga ko‘ra, mamlakatda onkologiya, kardioxirurgiya, neyroxirurgiya va travmatologiya bo‘yicha qo‘shma klinika ochilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)