Xalqaro press-klubning valyuta liberalizatsiyasiga bag‘ishlangan sessiyasida Markaziy bank raisining o‘rinbosari Timur Ishmetov 1000 va 500 so‘m nominalli valyutalar tangaga almashtirilishi, yanada yirikroq nominalli kupyuralar chiqarilishi mumkinligini aytdi. Bu haqda “Kommersant.uz” xabar bermoqda.
“Tanga borasida ma’lum qaror yo‘q. Qabul qilinsa, bu borada bayonot beramiz. Ammo masala jamiatga qulaylik tug‘dirish hamda pul birliklari chiqarishni optimallashtirish nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilmoqda. Biz qator banknotalar nominalini kattalashtirdik, masalan, katta miqdorda 50 va 10 ming so‘mlik banknotalar chiqardik”, — dedi u.
“1000 va 500 so‘mlik banknotalar jismoniy hajmi bilan aholiga noqulaylik tug‘dirmoqda, ko‘plar o‘zi bilan bir dunyo mayda pul olib yurishni yoqtirmaydi. Shuningdek ishlab chiqarish nuqtai nazaridan samarasiz, chunki kupyuralar tez eskiradi, ular eskirganda esa yangilariga almashtirish kerak. Natijada bunday kupyuralar chiqarishga ketgan sarf-xarajat har doim ham o‘zini oqlamaydi. Bu nuqtai nazardan yo katta nominalli kupyuralar joriy etish kerak, yo jahon amaliyotiga rioya etib, tangalar joriy etish kerak”, — tushuntirdi Ishmetov.
“Tanga chiqarish qimmatroqqa tushadi, ammo ularning hayotiy silsilasi uzunroq. Bu nafaqat iqtisodiy nuqtai nazardan manfaatli, bu Markaziy bankka va aholiga qulay bo‘ladi. Kupyuralarni tangaga almashtirish yoki ularni yirikroq nominalli banknotalarga almashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda va muhokama qilinmoqda”, — xulosa qildi amaldor.
Izoh (0)