Toshkent shahar Uchtepa tumani hududida 2017-yilning may oyida muqaddam sudlangan Feruza Tursunova fuqaro Ruxshona Shukurovaning ishonchiga kirib, unga Nurafshon ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan xonadon olishda yordam berishini va’da qilgan. Buning uchun birlamchi badal pullarini to‘lash lozimligini tushuntirgan holda aldov yo‘li bilan undan 3 500 AQSh dollari miqdoridagi pullarini qo‘lga kiritib, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan, deb xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan dastlabki tergov davrida Feruza Tursunova yana bir nechta fuqarolarga nisbatan ham xuddi shunday jinoyatlarni sodir etganligi, ya’ni u, fuqarolar S.Sultanova, N.Jabborova, X.Komilova va D.Normatovning ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan ulardan jami 5 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritganligi aniqlangan.Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Jabrlanuvchilarning ismi familiyasi o‘zgartirilgan.