Tokio—2020 Olimpiadasida munosib ishtirok etib, eng kamida Rio—2016 Olimpiadasidagi natijani takrorlashni maqsad qilgan O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi bu borada navbatdagi qadamni tashladi.
Tokio Olimpiadasida O‘zbekiston delegatsiyasi katta ehtimol bilan sport kurashlari va dzyudo sport turlaridan bir qator medallarga ega chiqishi mumkin. Buning imkoniyatini yanada oshirish maqsadida MOQ Yaponiya delegatsiyasi bilan muhim memorandum imzoladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston sport kurashlari va dzyudo termasi Tokio—2020 Olimpiadasiga tayyorgarlikni kunchiqar yurtning o‘zida olib boradi va yaponiyalik sportchilar bilan hamkorlikda mehnat qiladi. Yapon milliy sport turi hisoblangan dzyudo sir-asrorlarining o‘sha yerning o‘zida yanada mukammalroq o‘zlashtirilishi, Tokio—2020 Olimpiadasida O‘zbekistonning imkoniyatlarini oshirib berishi mumkin.
Bunga erishish uchun MOQ o‘z delegatsiyasini avgust oyida Yaponiyaning Maidzuru shahriga jo‘natgan bo‘lib, tashrif davomida o‘zbekistonliklar shahar meri Ryozo Tatamini Toshkentga taklif qilgandi. 8-noyabr kuni mer poytaxtga yetib keldi va MOQ rahbariyati bilan uchrashdi. Tatamini MOQ prezidenti Alisher Sultonov qarshi oldi.
Maidzuruning tanlab olingani bejiz emas. Bungacha shahar ma’muriyati Yaponiya hukumatiga murojaat qilib, Tokio Olimpiadasigacha bo‘lgan yo‘lda Maidzuruga Host Town (qabul qiluvchi shahar) rasmiy maqomini berishni so‘ragan va bunga ijobiy javob olgandi.
Memorandumga ko‘ra, Maidzuru o‘zbekistonlik sportchilarga barcha jabhalarda yordam beradi. Ular Olimpiadaga munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun shahar ma’muriyati tashkiliy va texnik masalalarda zarur sharoitlarni yaratadi. O‘zaro hamkorlik faqatgina sport sohasidagina bo‘lib qolmay, ta’lim, madaniyat, turizm va iqtisodiy yo‘nalishlarni ham o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston sportchilarining Yaponiyaga tashrifi uchun kerakli mablag‘ning bir qismini aynan Maidzuru o‘z gardaniga oladi.
“Olimpiya o‘yinlari oldidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarining musobaqaga mezbonlik qiluvchi mamlakat hududida o‘tkazilishi, sportchilarimiz uchun mahalliy iqlim va sharoitga moslashish, qolaversa, sportdagi eng muhim jihatlardan biri sanalgan akllimatizatsiya va adaptatsiya jarayonini ortiqcha qiyinchiliksiz yengib o‘tishda muhim ahamiyat kasb etadi”, — deb yozdi MOQ matbuot xizmati.
Izoh (0)