Karles Puyol bilan Toshkentda ikkinchi bor matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Birinchisi bundan 9 yil avval o‘tkazilgandi.

Foto: Google Images

2008-yil ham Toshkentga kelgandim, u hamon xotiramda turibdi. Yana bir bor O‘zbekistonda ekanimdan xursandman. Safarim qisqa bo‘lgani uchun, mamlakatingizdagi barcha diqqatga sazovor joylarni ko‘rganim yo‘q. Aytishim kerakki, dunyoning hech qaysi davlatida bunchalik shirin mevalarni yemaganman. Palovni esa hali tatib ko‘rmadim.

Faoliyatimni tugatgach, nima qilish haqida ko‘p o‘yladim. Keyin FIFA Legend loyihasida ishlashga rozi bo‘ldim. Shuning doirasida O‘zbekistonga keldim. Yosh futbolchilarga master-klass o‘tish va futbol ommaviyligini oshirish asosiy maqsadimiz hisoblanadi.

Karles Puyol, futbol yulduzi

Bolalar futboli haqida

Garchi O‘zbekiston terma jamoasi Rossiyadagi mundialga chiqa olmagan bo‘lsa ham, yaqin vaqt ichida bunga erishasizlar deb umid qilaman. Yoshlarga e’tibor qaratilayotgani ajoyib. Agar shu ishdan tiyilmasanglar, Qatar-2022 ga chiqasizlar.

Masalan, Barselonadagi “La Masiya” akademiyasida yoshlar avvalo futbolchi emas, inson bo‘lib yetishishi uchun ishlanadi. “Real” yoki “Barselona”da o‘ynash talablari juda katta. Ularda o‘ynash uchun ko‘p mehnat qilishi kerak.

Karles Puyol, futbol yulduzi

Gvardiola haqida

Gvardiola ajoyib murabbiy. U bilan bir mavsumda 6 ta sovrin yutgandik. Tunlari bizga qo‘ng‘iroq qilishi, albatta, hazil edi. Qo‘ng‘iroq qilganida ham, men unga javob bermasdim (kuladi).

Lui Van Galmi yoki Gvardiola? To‘g‘risi, kimnidir ajratib ko‘rsata olmayman. Chunki Van Gal futbolchi bo‘lib yetishishimga katta hissa qo‘shgan. Gvardiola bilan esa dunyodagi barcha sovrinlarga ega chiqqanman. Shu bois ikkisi ham men uchun qadrli.

Karles Puyol, futbol yulduzi

Foto: O‘FF

Messi va Ronaldu masalasi

Jahon tarixidagi eng kuchli ikki futbolchi haqida gap ketmoqda. Messini har kuni mashg‘ulotlarda ko‘rardim. Uni futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchi deb bilaman. Ronaldu ham kuchli, yildan-yilga o‘smoqda. Agar yaqin kelajakda ularning o‘rnini kim bosadi deb so‘rasangiz, Neymar deya javob beraman. Ammo menimcha, yaqin 7—10 yilda Messi va Ronaldu qolganlardan ustun bo‘laveradi.

Ko‘p kuchli hujumchilarga qarshi o‘ynaganman. Masalan, Messi mashg‘ulotlar vaqtida menga juda ko‘p qiyinchilik tug‘dirardi. Bundan tashqari, Didye Drogbaga qarshi o‘ynash doim og‘ir bo‘lgan. U jismonan baquvvat va tezkor hujumchi edi.

Eng kuchli himoyachi Jerar Pike. Sababi futbol tez o‘zgarmoqda, Pikening uslubi esa o‘zgarishlarga moslashib ketaveradi. U hujumda ham yaxshi o‘ynay oladi.

Karles Puyol, futbol yulduzi

Puyolning aytishicha, u hozir 40 yoshda va murabbiylik litsenziyaga ega emas. Hayotda esa hamma narsa bo‘lishi mumkin, deydi sobiq futbolchi. Kelajakda taklif bo‘lib qolsa, u O‘zbekiston termasini boshqarish variantini ko‘rib chiqishi ham mumkin.

Sobiq futbolchi “Barselona” Parijdan 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat bilan qaytayotganida dadil fikr bildirib, Kataloniyada katta kambek bo‘lishi haqida aytib o‘tgandi. Uning aytgani rost chiqdi va “Barsa” 6:1 hisobida zafar quchdi.

Bugun Puyol “Paxtakor” — “Olmaliq” o‘rtasidagi bellashuvni tomosha qiladi. Uchrashuv uning to‘pga teginishidan so‘ng start oladi.