O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Qudratillo Abduqahhorov 18-noyabr kuni Las-Vegasda hisob bo‘yicha o‘zining 13-jangini o‘tkazishi kerak edi. Biroq u viza muammosi sabab O‘zbekistonga qaytishi haqida aytdi.
“Olamsport” nashrining oydinlik kiritishicha, WBC Silver chempionlik kamari sohibi bo‘lgan Abduqahhorov 18-noyabr kuni Andijonda ringga ko‘tariladi. Bunda uning raqibi o‘zbekistonlik boshqa bir bokschi Sherzod Alimjonov bo‘lishi aytilgan. Bu reytingi jangi maqomida bo‘ladi.Rejaga ko‘ra, Qudratillo dekabr oyida yana AQShga jo‘nab ketadi. U yanvar oyida chempionlik kamari uchun ringga ko‘tarilishi kerak. Charm qo‘lqop ustasi ayni paytda WBC yo‘nalishining o‘z vazn toifasida jahonning 5-raqamli bokschisi bo‘lib turibdi.
66,7 kilogramm vazn toifasida janglar o‘tkazib kelayotgan Abduqahhorov murabbiy Ilgar Aliyev qo‘l ostida Filippin poytaxti Manilada mashg‘ulot o‘tkazgandi. Aytilishicha, chempionlik kamari uchun faqatgina 1 ta jang qolgan. Bu yo‘lda sportchi yana bir reyting jangida zafar quchishi kerak.
Qudratillo Abduqahhorov hozirga qadar professional ringda 12 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning barchasida raqiblarini mag‘lub etgan. 8 ta jangida nokaut bilan zafar quchgan.
Izoh (0)