AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) sakkiz kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Nyu-Yorkdagi terakt munosabati bilan qidiruvga berilgan ikkinchi o‘zbekistonlikni izlash ishlarini to‘xtatdi. Bu haqda, FQBning Nyu-Yorkdagi bo‘linmasi vakili Uilyam Suiniga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
“Biz ortiq bu insonni izlamayapmiz. Biz unda 31-oktabr kuni yuz bergan hodisa bilan bog‘liq axborot bor, deb hisoblagandik. Biroq biz uni ortiq izlamayapmiz”, — dedi Suini.
Uning qo‘shimcha qilishicha, vaqtincha qidiruvga berilgan bu shaxsning qayerda ekani aniqlangan. FQB tomonidan avvalroq e’lon qilingan bayonotda terakt munosabati bilan o‘zbekistonlik Muhammadzoir Qodirov qidirilayotgani aytilgan edi.
31-oktabr, seshanba kuni Nyu-Yorkda pikap mingan erkak sakkiz kishini bosib ketdi. Mahalliy ma’muriyat ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil kelib chiqishi o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov tomonidan boshqarilgan. O‘z vaqtida Florida va Nyu-Jersi shtatlarida istiqomat qilgan Soipov terakt vaqti yaralangan va qo‘lga olingan.
Izoh (0)