“Paxtakor” va “Bunyodkor” klublari o‘rtasidagi Toshkent derbisi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Qanot hakami Doniyor Saylavovning ochiqchasiga mezbonlarga yon bosishi futbol jamoatchiliging keskin noroziliklariga sabab bo‘ldi.
O‘yinning 66-daqiqasida “Bunyodkor” jarima maydonchasi ichida sarosima holat yuzaga keldi va bir qator futbolchilar to‘p ustiga yotib oldi. Bunda to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tmagan bo‘lsa-da, laynsmen Doniyor Saylavov holatni gol deb izohladi va bosh hakam Aziz Asimovning fikrini o‘zgartirishga erishdi.
Uchrashuvni Sport-TV orqali sharhlab borayotgan Xayrulla Hamidov ham, Eldor Mustafoyev ham qanot hakami golni qayerdan olganini tushunmay, shu mavzuni muhokama qilib turganida, “Bunyodkor” futbolchilari qanot hakamini o‘rab oldi. Vaziyat bartaraf etilishi uchun o‘yin 5 daqiqacha to‘xtab qoldi.
Telekanal rejissyori Jamoliddin Bobojonovning “Oriyat Dono” radiosida aytishicha, Aziz Asimov va Doniyor Saylavov o‘zaro suhbatlashib turganida, to‘rtinchi hakam Sport-TV xodimiga murojaat qilgan va takroriy lavhani ko‘rib berishni so‘ragan. Shundan so‘nggina to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tmagani ochiqlangan va hakamlar golni bekor qilgan.
Biroq 85-daqiqada Doniyor Saylavov baribir maqsadiga erishdi va o‘yindan tashqari holatdan urilgan golni inobatga oldi. Bu safar Aziz Asimov uning fikriga qo‘shildi, Sport-TV xodimiga esa qayta murojaat qilib o‘tirilmadi.
FIFA Rossiya mezbonligida o‘tgan Konfederatsiyalar Kubogida videotakrorlar masalasini birinchi planga olib chiqdi. O‘zbekistonlik referi Ravshan Ermatov shaxsan videotakrorlar bo‘yicha mutaxassis sifatida Rossiyaga borib keldi. O‘zbekiston futbolida esa na videotakrorlar bor, na darvoza ortidagi hakamlar va na golni aniqlaydigan texnologiya. Vaholanki, Toshkent derbisini boshqargan hakamlar brigadasi norasmiy tarzda bo‘lsa-da, Sport-TVdan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan.
Izoh (0)