O‘zbekiston Oliy Ligasi ishtirokchisi bo‘lgan Bekobodning “Metallurg” futbol klubi so‘nggi ikki turda 5 tadan gol urilgan o‘yinlarda ishtirok etdi. Birida Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubiga 2:3 hisobida imkoniyat boy berilgan bo‘lsa, yana birida Toshkent viloyatining boshqa bir klubi “Olmaliq” taslim etildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bir qator sport jurnalistlari mazkur holatga shubha ko‘zi bilan qaraganini ko‘rish mumkin. Boisi, har ikki o‘yinda ham asosiy vaqt yakuniga yetib, qo‘shimcha daqiqalar boshlanganida 2 tadan gol urilgan.
25-tur
“So‘g‘diyona” — “Metallurg” 3:2
Gollar: Izzat Abdullayev, 37 (1:0). Ayubxon No‘monov, 46 (1:1). Sanjar Rashidov, 80 (2:1). Izzat Abdullayev, 93+ (3:1). Alisher Ziyovuddinov, 96+ (3:2).26-tur
“Metallurg” — “Olmaliq” 3:2
Gollar: Muhammadodil Qahramonov, 37 (1:0). G‘ulomhaydar G‘ulomov, 40 (1:1). Islombek Isoqjonov, 80 (2:1). Sirojiddin Allayev, 92+ (3:1). Vladislav Kasminin, 93+ (3:2).Avvalroq Toshkentning “Obod” futbol klubi 4 ta ayblov bilan Oliy Ligadan chetlatilgandi:
- Badal puli vaqtida to‘lanmagani;
- Klub o‘z vaqtida litsenziyadan o‘tkazilmagani;
- Buhgalteriya hisoboti berilmagani;
- Kelishilgan o‘yinlarda gumonlangani.
Toshkentning “Obod” futbol klubi O‘zbekiston Oliy Ligasi o‘yinlaridan chetlashtirildi
“Metallurg” bundan 3 yil avval Toshkentning “Paxtakor” klubini 2 ta gol farqi bilan mag‘lub eta turib, 80-daqiqadan keyin 3 ta gol o‘tkazib yuborgan va mazkur o‘yin O‘FF tomonidan sport prinsiplariga zid deb topilgandi. Bunda tashkilot Toshkentning “Paxtakor” klubini ham jazolashga va’da bergan bo‘lsa-da, yakunda sport prinsiplariga zid bo‘lgan o‘yin aybdorlari topilmadi. Faqatgina bir tomon — “Metallurg” bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqov 3 oyga futboldan chetlashtirildi.
“Metallurg” va “Olamliq” klublarining o‘zaro o‘yinlardagi uy g‘alabalari Oliy Ligada ko‘p bor kuzatiladi. “Olmaliq” klubini salkam 10 yilga yaqin vaqt davomida boshqargan Igor Shkvirin ayni paytda Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasida faoliyat olib boradi.
Izoh (0)