O‘zbekiston Oliy Ligasining 25-turidan joy olgan 4 ta uchrashuv kecha — 20-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi.

Foto: “Nasaf”

Liga peshqadami “Lokomotiv” Navoiydan 3 ochko olib qaytdi. “Qizilqum” o‘z maydonida “Nasaf”, “Paxtakor” va “Bunyodkor” bilan durang o‘ynagandi. “Temiryo‘lchilar”ga qarshi o‘yinda esa Hamid Aktamov jamoasi o‘sha irodani namoyish eta olmadi.

Qarshining “Nasaf” klubi ketma-ket 7-g‘alabasini nishonladi. Bungacha jamoa ustozi Ro‘ziqul Berdiyev O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangandi. Bu voqeani qarshilik futbolchilar yirik g‘alaba bilan yuvib berdi.

“Nasaf” 7 o‘yindan buyon darvozasi dahlsizligini saqlab keladi. Bunda darvozabon Sanjar Quvvatovning xizmati katta. Berdiyev bu shogirdini milliy termaga jalb qiladimi yoki yo‘q — hozircha ma’lum emas. Ayni paytda “Nasaf” Oliy Ligada eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoa bo‘lib turibdi.

O‘FF O‘zbekiston milliy terma jamoasining navbatdagi murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev bo‘lishini tasdiqladi

Klub so‘nggi bor 18-avgust kuni o‘z maydonida “Bunyodkor”ga imkoniyatni boy bergandi. Keyingi 7 uchrashuvda 20 ta gol urdi va quruq seriyaga erishdi. Ayni paytda “Nasaf” peshqadam “Lokomotiv”dan 7 ochko ortda. Yuqoridagi 7 uchrashuvdan birida “Nasaf” aynan “Lokomotiv”ni ham taslim qilgandi — 2:0.

Mazkur turda Farg‘onaning “Neftchi” klubi “Obod”ga qarshi saf tortishi kerak edi. Toshkent jamoasi Oliy Ligadan chetlatilgani sabab, Vadim Abramov jamoasiga 3 ochko taqdim etildi. Shu tariqa “Neftchi” ochkolar soni bo‘yicha “Sho‘rtan” bilan tenglashib oldi.

Katta ehtimol bilan “Sho‘rtan” Birinchi Ligaga surgun qilinadi. FIFA O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining oldiga allaqachon shunday talabni qo‘ygan. Demak, o‘z-o‘zidan ligadan uchirma bo‘ladigan ikki jamoa nomi aniq. Bu esa “Neftchi” futbolchilarini raqobatdan holi qilishi mumkin.

O‘zbekiston Oliy Ligasi

25-tur bellashuvlari

20-oktabr, juma

“Olmaliq” — “Mash’al” 2:1

Gollar: Avaz Agaliyev, 38 (0:1). Shohnazar Norbekov, 48 (1:1). Vladislav Kasminin, 90 (2:1).

“Qizilqum” — “Lokomotiv” 0:2

Gollar: Marat Bikmayev, 5 (0:1). Sanjar Shoahmedov, 32 (0:2).

“So‘g‘diyona” — “Metallurg” 3:2

Gollar: Izzat Abdullayev, 37 (1:0). Ayubxon No‘monov, 46 (1:1). Sanjar Rashidov, 80 (2:1). Izzat Abdullayev, 93+ (3:1). Alisher Ziyovuddinov, 96+ (3:2).

“Nasaf” — “Dinamo” 3:0

Gollar: Dragan Cheran, 11 (1:0). Bobir Abduxoliqov, 29 (2:0). Bahrom Abdurahimov, 43 (3:0).

21-oktabr, shanba

“Qo‘qon—1912” — “Navbahor” — 15:30

“Bunyodkor” — “Sho‘rtan” 17:00

“Buxoro” — “Paxtakor” — 17:00

Foto: “Championat.asia”