Kelasi yilning yanvar oyida Xitoy mezbonlik qiladigan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatiga qur’a tashlash marosimi bugun — 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Ravshan Haydarov boshqaruvidagi O‘zbekiston termasi o‘zining qit’a chempionatidagi raqiblarini bilib oldi.
Amirliklarda o‘tgan saralash turnirida o‘zbekistonlik futbolchilar hal qiluvchi o‘yinda mezbonlar bilan to‘qnash kelib, 2:0 hisobida zafar quchgan va guruh yetakchisi sifatida qit’a chempionatiga yo‘l olgandi. Final bosqichida O‘zbekiston “A” guruhida Ummon, Qatar va mezbon Xitoy bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi.
Har ikki yilda bir marta o‘tadigan turnir 9-yanvar kuni start oladi va 27-yanvarga qadar davom etadi. Quyida qur’a natijalari bilan tanishish mumkin.
“A” guruhi
- Xitoy
- O‘zbekiston
- Qatar
- Ummon
“B” guruhi
- Yaponiya
- KXDR
- Tailand
- Falastin
“C” guruhi
- Iroq
- Iordaniya
- Saudiya Arabistoni
- Malayziya
“D” guruhi
- Janubiy Koreya
- Avstraliya
- Suriya
- Vyetnam
Ikki yil avval mazkur musobaqada ishtirok etgan Samvel Babayan boshchiligidagi O‘zbekiston termasi Iroq va Janubiy Koreyadan yengilib, guruhdan chiqa olmagan va shu tariqa Rio—2016 Olimpiadasiga borish huquqidan mahrum bo‘lgandi. Oradan ikki yil o‘tib, Samvel Babayan bilan bir necha yillar davomida hamkorlikda ishlab kelgan Ravshan Haydarov jamoani qit’a chempionatiga olib boradi.
Izoh (0)