Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislarining bo‘lajak o‘n ikkinchi majlisi doirasida 24-oktabr kuni O‘zbekiston Oliy sudi raisi K. Komilov bilan Qozog‘iston Oliy sudi raisi Q. Mamining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va keng ko‘lamli hamkorlik barcha yo‘nalishda, jumladan, sud-huquq sohasida ham izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda ikki davlat Oliy sudlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur hujjat ikki mamlakat sud hokimiyati oliy organlari o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro anglashuvning huquqiy asoslarini mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Memorandum doirasida sud tizimini inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim instituti sifatida takomillashtirishni ilmiy-tahliliy hamda axborot jihatidan ta’minlash orqali sud-huquq islohotlarini amalga oshirishga ko‘maklashish bilan bog‘liq tadbirlar ko‘zda tutilgan.
K. Komilov shu kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislarining o‘n ikkinchi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Tojikiston Oliy sudi raisi Sh. Shohiyon va Qirg‘iziston Oliy sudi raisi A. Toqbayeva bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tadbirlar davomida mehmonlarga O‘zbekistonda sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida izchil olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, muntazam tajriba almashib turishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Izoh (0)