Madridning “Real” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu FIFA talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi va The Best sovrini bilan qatorasiga ikkinchi bor taqdirlandi. Mazkur marosimga FIFA 2016-yilda asos solgan bo‘lib, u endi ikkinchi bor o‘tkazilayotgandi.
Krishtianu Ronalduga bu borada Neymar hamda Lionel Messi raqobatchilik qildi. Portugaliyalik futbolchi raqiblaridan ko‘proq ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Messi va Neymardan farqli o‘laroq, Ronaldu o‘tgan mavsum Ispaniya La Ligasida zafar quchdi, shuningdek, Chempionlar Ligasining ketma-ket ikki karra g‘olibiga aylandi. Avvalroq u klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida ham g‘olib chiqishni uddalagandi.
Ronaldu 2017-yil hisobidan “Real” va Portugaliya termasining jami 48 ta o‘yinida ishtirok etdi. Bunda u raqiblar darvozasiga 44 ta gol urib, 11 ta golli pas oshirdi. Shuningdek, Chempionlar Ligasida eng yaxshi to‘purar uchun atalgan sovrinni o‘ziniki qilib oldi. Buning natijasida UEFA ham Ronalduni yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olgandi.
Izoh (0)