Fransiyaning Lojuvard sohilida Les Cèdres villasi 415 million dollarga sotuvga qo‘yildi, deb yozadi Travel Ask. Bu ko‘chmas mulk sohasida rekord ko‘rsatkich bo‘ldi: hali birorta uy bunday katta pul evaziga sotilmagan edi.
Villaning maydoni 15 ming kvadrat metrni tashkil etadi, u 14 gektarlik xususiy hududda joylashgan. Qo‘rg‘onda 16 ta yotoqxona, 50 metrli yopiq basseyn, keng terrasa va bal zali bor. Shuningdek, alohida binoda 30 ta otni sig‘dira oladigan otxona joylashgan.
O‘tgan asrda hovli-joyda Elizabet Teylor, Charli Chaplin, Monako knyazi Renye III, yozuvchi Somerset Moem, Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill mehmon sifatida yashagan.
1830-yilda qurilgan villaga dastlab Vilfransh-syur-Mer shahar meri egalik qilgan. 1904-yilda u Belgiya qiroli Leopold II ning ixtiyoriga o‘tgan. Undan keyin Les Cèdres fransiyalik zodagon oilaga o‘tgan, hozirda esa dabdabali uyga Italiyaning alkogolli ichimliklar ishlab chiqaruvchi Davide Campari-Milano kompaniyasi egalik qiladi.
Izoh (0)