InsiderPro nashri “xodimlar uchun” koshonalar qanday qilib korporativ madaniyat va jamoa ruhini shakllantirishga yordam berishi va bu qanchalik samarador ekanligi haqida hikoya qiladi.
Mey Xolland ilk bor Apple kampusidagi yangi ish joyiga kelganda “Axir bu jannat-ku!” degan fikrga keldi. Yon-atrof maysazor, sportzal bor, kafe, ko‘ngilochar mashg‘ulotlar —Meyning boshi aylanib ketdi. Avvalgi ofisi kul rang to‘siqlari bilan taqqoslaganda bu haqiqiy idilliya edi.
Deyv Eggersning “Sfera” asaridagi Meyning ish o‘rni Apple yangi kampusiga juda o‘xshash tasvirlangan. U ham “uchar likopcha” ko‘rinishida qurilgan.
Shahar tashqarisidagi kampus
Osuda bog‘ va maysazorlar bilan o‘ralgan Amerikaning birinchi korporativ kampuslari olimlar va muhandislar uchun mo‘ljallangan edi.
1942-yilda AT&T telefon kompaniyasi Nyu-Jersida yuqoridagi kabi birinchi kampus Bell Labs’ni barpo etgan edi. 50-yillarda undan General Motors, General Electric va General Life Insurance o‘rnak oldi. O‘shanda bu shtab-kvartiralar turlicha — sanoat parki, tadqiqot parki yoki texnologik park deb nomlangan — bu bir vaqtning o‘zida fan va sanoatning tabiat bilan bog‘liqligiga urg‘u berardi.
Urushdan keyingi Amerika shaharlarini xavfli, iflos, aholi zich va irqiy muammolar bilan tasvirlash qabul qilingan edi. Faqat mashinada yetib borish mumkin bo‘lgan shahar tashqarisidagi kampuslar birinchi qaldirg‘och bo‘ldi — oq aholi shahar tashqarisiga qochardi.
Kampuslarning jozibadorligi
Kampus nafaqat ish joyi, balki ramziy, madaniy va ijtimoiy ahamiyatga ham ega edi. Komplekslar suratlarda yaxshi ko‘rinar, bu istiqbolli mijozlar va yangi xodimlar orasida qo‘shimcha reklama vazifasini o‘tar edi.
Kampus, shuningdek, dam olish va birgalikda vaqt o‘tkazish hududining mavjud ekanligi tufayli uyushganlik hissini berar edi. Ular tugallangan muhit g‘oyasini ilgari surar edi — bu yerda ish o‘rnidan tashqari dam olish markazlari, kafe, do‘konlar va barcha zarur xizmatlar mavjud edi. Xodimlar uchun puxta o‘ylab chiqilgan “uy” “oila” hissini yaratar edi.
XXI asr kampusi
1990-yillarga kelib uydan turib ishlash imkoni yuzaga keldi, bundan tashqari, autsorsing (tashqi manba yoki resursdan foydalanish) va ishlab chiqarishni boshqa mamlakatlarga ko‘chirish rivojlandi va kampusga bo‘lgan zarurat aniq-ravshan bo‘lmay qoldi. Raqamli inqilob va iqtisodiy mavhumlik shart-sharoitlarida ulkan kompleksga ega bo‘lish juda mas’uliyatli bo‘lib qoldi.
Siyosiy landshaftning o‘zgarishi yana bir muammoga aylandi. Masalan, 2014-yilda 1 milliard funtga (1,34 milliard dollar) yaqin xarajatlarga qaramasdan, RBS bank va Lloyds Angliyaga ko‘chishga qaror qildi. Bunga Shotlandiyaning mustaqillik haqidagi referendumi bilan bog‘liq tahdidlarni nazorat qilish istagi sabab bo‘ldi.
Bundan tashqari, tashkilotning markazlashganligi uning tabiiy ofatlar va terrorizmga qarshi himoyasini zaiflashtiradi. Ushbu xavf-xatarlarni hisobga olganda, Apple’ning 5 milliard dollarga kampus qurish haqidagi qarorini qanday tushuntirish mumkin?
Sport zallari, tekin kafeteriyalari, tibbiyot va uygacha olib borish xizmatlari, o‘zgaruvchan ish soatlari va kostyum o‘rniga kundalik kiyim joriy etilgan XXI asr Kremniy vodiysi ideal ish joyini ifodalaydi. Haqiqatan ham, tadqiqotlar korporativ kampusning mavjudligi xodimlarni jalb etish va ushlab turishning asosiy omili ekanligini ko‘rsatadi.
Kampus madaniyati ish — quvnoq jarayon, xodimlar uchun saroylar quriladigan texnologik utopiyadamiz deb o‘ylashga yordam beradi, aslida esa gap hamon monitor oldidagi uzoq soatlar haqida ketmoqda.
Bundan tashqari, kampus — atrof-muhit bilan juda cheklangan bog‘lanishdagi eksklyuziv utopiya. Masalan, Google kampusiga xodimlarni tashuvchi xususiy avtobuslar ijtimoiy keskinlikning doimiy manbasidir.
Qachonlardir oq aholining qochishi shahar tashqarisida kam qavatli kampusni yuzaga keltirgan bo‘lsa, endi shahar tipidagi, vertikal kampuslar vujudga kelmoqda. Masalan, Xitoyning Tencent internet-provayderi kampusi yerdan 250 metr balandlikka ko‘tariladi — bunga hayratlanmasa ham bo‘ladi, axir shaharlarda yer kam.
Kampuslarni nafaqat xaytek-kompaniyalar barpo etmoqda — Qantas kabi aviakompaniya va ANZ kabi moliyaviy tashkilotni misol keltirish mumkin. Shveysariyaning Novartis farmasevtik kompaniyasi kampusi esa mashhur arxitektorlar mualliflik ishi bo‘lib, uning qurilishi 2030-yilgacha davom etadi.
Ispaniyaning Telefonica kampusida 14 ming xodim ishlaydi — bu 90 foiz Avstraliya shaharlari aholisidan ko‘p.
Biroq korporativ kampuslar — bu shunchaki katta ofislar emas, ularning oxirgi yarim asrdagi ommabopligi bu format biz bilan uzoq qolishidan darak beradi. Axir markazlashgan kampus kompaniyalarga o‘z madaniyati, brendi va maqsadini haqiqiy hayotga joriy etish imkonini beradi.
Xodimlar uchun bu shunchaki ish joyi emas, balki uzoqroq qolish — o‘ynash, ovqatlanish va muloqot qilishni istovchi joydir.
Izoh (0)