O‘zbekistonda yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalari birinchi bosqichda faqat avtomaktablarning bitiruvchilariga beriladi. Bu haqda, Toshkent shahar IIBB axborotiga asoslanib, “Kommersant.uz” xabar bermoqda.
Toshkent shahrida birinchi bosqichda avtomaktablarning bitiruvchilari yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalarini Fayzobod dahasidagi Mirobod tuman Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) imtihon-ro‘yxatga olish bo‘limida oladi.
Ikkinchi bosqichda Yunusobod va Chilonzor tumanlaridagi YHXB bo‘limlarini ham maxsus uskunalar bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Shundan so‘ng yangi namunadagi haydovchilarini berish ommaviy tartibga o‘tadi.
“Kommersant.uz”ning yozishicha, Fayzoboddagi yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalarining berilishi 20-oktabrdan boshlanadi.
O‘zbekiston hukumatining 2-martdagi qaroriga ko‘ra, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalarining berilishi butun mamlakat bo‘ylab 1-oktabrdan boshlanishi lozim edi. Yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi berilgan kundan boshlab 10 yil muddatga beriladi.
Amaldagi haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagilariga almashtirish 2017-yil 1-oktabrdan 2018-yil 31-dekabrgacha — eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari uchun, ularning berilgan sanasidan qat’i nazar — ular egasining yozma arizasiga ko‘ra ixtiyoriy ravishda, 2019-yil 1-yanvardan 2020-yil 31-dekabrgacha esa — eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari uchun, ularning berilgan sanasidan qat’i nazar — majburiy tartibda amalga oshiriladi.Avvalroq yangi haydovchilik guvohnomalari uchun to‘lov miqdori belgilangani haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomani berish uchun eng kam ish haqining 70 foizi miqdorida (19-oktabr holatiga ko‘ra — 104 842 so‘m 50 tiyin), shuningdek haydovchilik guvohnomasini berish uchun eng kam ish haqining 70 foizi miqdorida (19-oktabr holatiga ko‘ra — 104 842 so‘m 50 tiyin) to‘lov undiriladi.
Izoh (0)