General Motors kompaniyasi 2018-yilning boshida Nyu-Yorkda haydovchisiz avtomobillarning sinovini o‘tkazishni ko‘zlamoqda. Agar bu reja amalga oshsa, GM mazkur shaharda sinov o‘tkazgan birinchi kompaniya bo‘ladi. Bu qadam mazkur bozorda yetakchilik uchun jiddiy bayonot bo‘ladi, deb yozmoqda “Kommersant”.
GM tomonidan o‘tgan yili sotib olingan haydovchisiz texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi Cruise Automation kompaniyasining bosh direktori Kayl Bogtning bayonotiga ko‘ra, sinov mustaqil boshqaruv tizimi bilan jihozlangan Chevrolet Bolt avtomobillarida o‘tkaziladi.
Cruise Automation muhandislari sinov uchun Manhettenning janubiy qismidagi 12 kvadrat kilometrli hududda yo‘nalish tayyorlaydi. Sinovlar vaqtida har bir avtomobilda kompaniyaning harakat bo‘yicha ma’lumotlar to‘plash bilan shug‘ullanuvchi mutaxassisi bo‘ladi. Agar biror muammo yuzaga kelsa, mutaxassis boshqaruvni qo‘l rejimiga o‘tkazadi.
GM mutaxassislarining fikricha, San-Fransisko va Nyu-York kabi shaharlar sharoitida avtomobillar sinovini o‘tkazish samarali hisoblanadi. Chunki murakkab yo‘l sharoitlari, oldindan aytib bo‘lmaydigan holatlar, haydovchilarning nisbatan tajovuzkor boshqaruvi haydovchisiz avtomobillarning dasturiy ta’minotini tezroq takomillashtirishga imkon beradi.
Izoh (0)