2009-yildan beri hibsda saqlab kelingan huquq himoyachisi G‘anixon Mamatxonov ozodlikka chiqarildi. Farg‘ona vodiysida fermerlar huquqini himoya qilgan va majburiy mehnatga qarshi kurashgan faolning ozod etilishini AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi olqishladi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
“Yaqinda bir qancha vijdon mahbuslari ozod etilganidan so‘ng bu voqea O‘zbekiston hukumatining inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarga sadoqatini namoyish etuvchi navbatdagi va qo‘shimcha qadam bo‘ldi”, — deyiladi diplomatik missiya xabarnomasida.
“AQSh Prezident Mirziyoyevning siyosiy, iqtisodiy, sotsial va huquqiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi navbatdagi qadamlarini kutadi”, — qo‘shimcha qildi elchixona.
Oktabr oyining boshidan buyon huquq himoyachilari Agzam Turg‘unov (2008-yili hibsga olingan), A’zam Farmonov (2006), shuningdek, jurnalist Solijon Abdurahmonov (2008) ozod qilindi.
Bundan tashqari, uzun muddatga qamalgan va huquq himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan vijdon mahbuslari deb hisoblangan Muhammad Bekjon, Murod Jo‘rayev, Erkin Musayev, Jamshid Karimovlar ozod etilgan edi.
Izoh (0)