Kelib chiqishi islandiyalik bo‘lgan futbolchi Aaron Yoxannson mavzusi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda, deb yozdi “Championat.asia” nashri. Sababi oddiy, Islandiya termasi Jahon Chempionatiga yo‘llanma oldi. Biroq Yoxannsonning o‘zi mundialda ishtirok eta olmaydi.
Chunki u allaqachon AQSh milliy terma jamoasi safida maydonga tushib ulgurgandi. “AQSh bilan Jahon Chempionatida g‘olib chiqish imkoniyati Islandiya bilan baxtga erishishdan yuqoriroq”, — deb hazil aralash qaroriga izoh bergandi futbolchi.
U 2011-yil Islandiya yoshlar termasidagi o‘yinlari bilan tanildi. 2012-yilga kelib esa milliy terma jamoadan taklif tushdi. Ammo o‘yin arafasida jarohat olib, Albaniya va Shveysariya termalariga qarshi o‘yinlarda ishtirok eta olmadi.
2013-yilning mayiga kelib AQSh termasini boshqarayotgan germaniyalik mutaxassis Yurgen Klinsmann Yoxannsonga taklif bilan chiqib, uni Amerika termasiga chaqirdi. Futbolchi esa bunga rozi bo‘lib, yuqoridagi gaplarni aytdi.
Voqealar rivoji ajoyib ko‘rinish oldi. Islandiya termasi JCh—2018 chiptasini qahramonlarcha qo‘lga kiritdi. AQSh esa mundial yo‘llanmasidan achinarli tarzda qolib ketdi.
Izoh (0)