Yaqin ikki yil ichida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi 8–10 milliard dollarga yetishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 3-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Rossiya biznes-forumida aytildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Bu boradagi rejalarga O‘zbekiston tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev to‘xtalib o‘tdi. U savdo aylanmasi ikki yil ichida 8–10 milliard dollarga yetkazilishini bildirdi.
Tashqi savdo vaziri O‘zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavot mahsulotlarining yetkazib berilishiga yashil koridor ochilganini hamda uning ishini yuksak baholadi. 2017-yil yakunlariga ko‘ra u orqali amalga oshirilgan yetkazmalar hajmi kutilgan 500 million dollardan oshib, 1 milliard dollarni tashkil etishi mumkin.
Bundan tashqari, avtosanoat sohasidagi kooperatsiya nazarda tutilmoqda.
“Shuningdek, biz tekstil mahsulotlari yetkazish bo‘yicha yashil koridor tashkil etish taklifi bilan chiqdik”, — ma’lum qildi Elyor G‘aniyev.
Uning so‘zlariga qaraganda, 2018-yili bu yo‘nalishdagi savdo hajmini 700 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)