O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida 26-sentabr kuni Qozog‘iston parlamenti senati raisi Qosim-Jo‘mart Toqayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Senat raisi N. Yo‘ldoshev bilan uchrashuvda o‘zaro ishonch, manfaatdorlik va ochiq muloqotga asoslangan O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuvlari natijasida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda tomonlar parlamentlararo aloqalar, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Qonunchilik palatasi spikeri N. Ismoilov bilan suhbatda 2017–2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha tarmoqlarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Tadbirda mehmonlarga O‘zbekistonning ikki palatali parlamenti faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi. Parlamentlararo hamkorlikka doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Qozog‘iston parlamenti delegatsiyasi Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi, poytaxtning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.
Izoh (0)