Kim nima deyishidan qat’i nazar, biz, shukrki, to‘qlik zamonida yashamoqdamiz. Katta avlod non kutib soatlab navbatda turishlar, o‘rta avlod esa — go‘sht uchun shovqin-suronli navbatlar haqida so‘zlab berayotganda hozirgi yoshlar hayrat bilan bosh chayqaydi, xolos. U vaqtlar ortda qolgani esa yaxshi bo‘ldi.
To‘qlik zamonida navbatlar ham boshqacha, odamlar ham. Bugun siz bilan zamonaviy sharoitlarda navbatda turish san’ati haqida gaplashamiz. Ha, hatto rivojlangan mamlakatlarda ham navbatlar bo‘ladi. 3-noyabrda 999 dollarlik yangi iPhone X smartfoniga qanaqa navbatlar bo‘lishini hali ko‘rasiz.
Navbatda turish qobiliyati — haqiqiy san’at deb bekorga aytmadim. Navbatlar haqida maqola yozishga ahd qilganimda, shunchaki hammamizga tanish bo‘lgan, aeroportlar, yo‘nalishli taksilar, metro kassalari yonidagi tiqilinch va ur-yiqitlarni sanab o‘tmoqchi edim. Biroq mavzu bilan chuqurroq tanishishni boshlaganimdan keyin qaysi xalqlar navbatda qanday turishini o‘rganadigan alohida ilm-fan tarmoqlari borligini bildim. Notanish kimsalar bir-birini birinchi va ehtimol, so‘nggi marta ko‘rib turgan holda norasmiy, ammo barqaror tartibga rioya qiladigan navbat tushunchasini ijtimoiy-psixologik tadqiq qilish bilan shug‘ullanishar ekan.
Balki hayron qolarsiz, lekin xotirjamlik bilan, obro‘ saqlagan holda navbatda turish jamiyatning ijtimoiy barqarorligi ko‘rsatkichlaridan biri sanaladi. Bundan ortiq emas, ammo kam ham emas.
O‘zbekistonda xuddi Ispaniyadagi kabi navbat tizimi qo‘llanilishini bilish qiziqarli bo‘ldi. U ¿Quién es último? (“Kim oxirgi?”) deb nomlanadi. Rostan ham, bizdagining ayni o‘zi. Bir to‘p odam somsa yoki gumma uchun navbatda turganida, biz yaqin kelib, “Kim oxirgi?” deb so‘raymiz. Ispaniyaliklarning tashqi qiyofa jihatidan bizga o‘xhashi bekorga emas. Ammo biz doim ham so‘rayvermaymiz.
Ziyoda R. shunday yozadi:
“Ertalab ikki farzandim bilan somsaga navbatda turgandim. Men ikkinchiman. Ikkita kap-katta erkak kelib, navbatsiz somsa so‘radi. Sotuvchi: “Oldinda odam bor”, — dedi. Shu payt mening navbatim keldi, biroq erkak mendan oldin darchaga suqildi: “Ikkita somsadan shunday solib bering”. Sotuvchi ayol somsa solib berdi, men esa ikkita yosh bolam bilan buni ko‘rib turib, hech narsa qila olmadim”.
Devday-devday bu ikki erkak “bezbetning huquqi”ni da’vo qilib, bolalarga qanday o‘rnak ko‘rsatdi? Men ataylab “kuchlining huquqi” demadim. Ular hech ham kuchli emas. Tasavvur qiling, bu ikkita yosh bolali nozik ayol emas, og‘ir vaznli bokschi bo‘lganida, ular navbatsiz suqilarmidi? Fantaziyam uchun bir qoshiq qonimdan kechingku-ya, navbatda mamlakat Prezidenti turgan bo‘lsa-chi?
Qiziq bir fikrni o‘qib qoldim: “Navbat — bu o‘z-o‘zidan tashkil topgan ijtimoiy institut, o‘z sharaf kodeksiga, huquq va majburiyatlar deklaratsiyasiga, konstitutsiyasiga va shafqatsiz jazolash tizimiga ega bo‘lgan davlat ichidagi davlatga o‘xshagan narsa”*.
Ya’ni navbat odamlarning kichik, vaqtinchalik hamjamiyati bo‘lib, ular o‘z navbatini sabr bilan kutib turishga so‘zsiz rozilik bergan va navbatsiz suqilishga uringanlarni yoqtirmaydi. Biz navbatsiz o‘tib ketishga urinishlarni qabul qilishimiz qanchalik og‘ir ekanligini payqaganmisiz? Agar tartib buzilsa, chiroyli va olijanob holatda turgan navbat bir daqiqadayoq o‘z yo‘lidagi hamma narsani yo‘q qilib yuborishga qodir olomonga aylanadi.
1946-yilda bir britaniyalik yozuvchi** shunday degan ekan: “Yevropada odamlar avtobus kutib, bekat atrofida maqsadsiz aylanib yuradi. Avtobus kelganida esa ular birvarakayiga unga intiladi.
Ingliz, hatto u bir o‘zi turgan bo‘lsa ham, odob saqlab, bir kishidan iborat tartibli navbatni hosil qiladi”.
Men buni o‘rtog‘im Asror Yusupovga aytib berganimda, u: “O‘zbekistonlik esa hatto bir o‘zi turgan bo‘lsa ham, turtkilashadi, so‘kishadi va itarib-itarib oldinga o‘tib oladi”, — deya ma’yuslik bilan hazil qildi. Bu hazil, ammo unda haqiqat ko‘p.
O‘zbekistondagi uyali kompaniyalarda va banklarda yaxshi narsa yo‘lga qo‘yilgan: u yerda elektron navbat raqamlari tushirilgan talonlar beriladi. Ammo buni hamma joyda ham qo‘llab bo‘lmaydi. Gumma yoki yo‘nalishli taksiga navbatlarda qanaqa talonlar haqida gapirish mumkin? Bu yerda endi ichki madaniyat, tarbiya va farosat masalasi oldinga chiqadi.
Esimda, Londonda Hatchards kitob do‘koni yonida men butunlay beixtiyor, instinkt tarzida yerdan kulcha bo‘lagini olib, hech kim oyog‘i bilan bosmasligi uchun chetga qo‘yib qo‘ydim. Ishonchim komilki, siz ham shunday ish tutasiz. Bizni O‘zbekistonda bolalikdan shunday tarbiyalashgan. Biz o‘zimizni uyda ham, chet elda ham shunday tutamiz. Demakki, navbatlarda turish san’ati ham bolalikdan singdirilishi kerak. Hech kimga: boshqalarga ham, o‘zingizga ham, farzandlaringizga ham hech qayerda navbatsiz o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymang.
Xayriyat, non uchun navbatlar yo‘q. Men bizda navbatlar faqat muzeylar, ko‘rgazmalar, teatr va konsertlarda, yangi aqlli va qiziqarli kitoblar taqdimotlarida bo‘lishi tarafdoriman. Chiroyli, bir tekis, tinchgina va aqlli navbatlar.
Shunday bo‘lsinki, inglizlar bizning navbatlarda obro‘ bilan turish qobiliyatimizni ko‘rib: “Bu yerda odamlar navbatda turish san’atini mukammal o‘zlashtirib olibdi, Londondan ham o‘tib ketishibdi!” — deb qolsin.
*Olga Andreyeva, publitsist.
**Jorj Mayks (Mikesh), kelib chiqishi vengriyalik bo‘lgan yozuvchi.
Baxtiyor Nasimov,“Daryo” sharhlovchisi
Izoh (0)