Sergey Karpinkov Olmaliq shahri, Olimpiya ko'chasi, 5-uydagi qarovsiz xonadonda, eski barakda istiqomat qiladi. Bu haqda Facebook’dagi “Xalq bilan muloqot” guruhi habar bermoqda.
Karpinkov nogiron. Joriy yil yanvar oyida u bilan birga ushbu xonadonda yashagan rafiqasi sovuqdan muzlab, olamdan o'tgan.
Sergey Anatolevich ilgari Olmaliq shahri, 8-mart ko'chasi 10-uy, 4-xonadonda istiqomat qilgan. Uning bildirishicha, ushbu xonadon shahar mas'ul xodimlari tomonidan aldov yo'li bilan tortib olinib, boshqa fuqaroga sotib yuborilgan.
Qo'shnilarning aytishicha, ushbu holat bo'yicha murojaat qilmagan mahalliy idora va tashkilotlari, aytmagan mutasaddilari qolmagan. Ammo hamma befarq bo'lgan, hech kim indamagan.
Davlat rahbari ko'rsatmasiga asosan tuzilgan ishchi guruhning uyma-uy yurib, vaziyatni o'rganishi natijasidagina mazkur holat aniqlandi.
Karpinkov zudlik bilan shahar shifoxonasiga yotqizildi, barcha tegishli choralar ko'rilmoqda.
Masalaga oydinlik kiritish, aybdorlarni aniqlab, tegishli jazoga tortish maqsadida mahalliy hokimlik, ichki ishlar, prokuratura vakillariga hamda boshqa tegishli tashkilotlarga topshiriq berildi.
Izoh (0)