Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey mamlakatda yangi teraktlar uyushtirilishi ehtimoli yuqoriligini bildirdi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
“Tahdid darajasi jiddiyligicha qolmoqda, bu degani, yangi terrorchilik hujumlari ehtimoli yuqori”, — dedi u Sky News telekanali efirida.
U mamlakat aholisini hushyorlikka chaqirdi. Mey xonimning so‘zlariga qaraganda, Londonda huquq-tartibot xodimlari soni ko‘paytiriladi, transport obyektlarida ham ular ishlay boshlaydi.
Britaniya bosh vaziri sodir etilgan teraktlarni “nomardlarcha hujum” deb atadi.
“Portlovchi uskuna jiddiy zarar keltirishga mo‘ljallangan edi”, — qo‘shimcha qildi Mey xonim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq London metrosida portlash yuz bergani haqida xabar berilgan edi. Unda 20 kishi jabrlandi. Halok bo‘lganlar yo‘q.
Politsiya voqeani terakt sifatida baholamoqda.
Ilgariroq ikkinchi bekatdan ikkinchi bomba topilgani ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, Britaniya xavfsizlik xizmati London metropolitenida amalga oshirilgan portlashga aloqador kishining shaxsini aniqladi.
Izoh (0)