Amerika-Isroil iqtisodiy tarixchisi va “Boylik dastagi” asari muallifi Joel Mokir qanday qilib siyosiy parchalanish Yevropani Sanoat inqilobi va gullab-yashnashga olib kelganligi haqida hikoya qiladi, deb yozadi InsiderPro nashri.
Zamonaviy dunyoda yetakchilik qiluvchi mamlakatlar qanday qilib bu kabi taraqqiyotni ta’minlashga muvaffaq bo‘ldi? Tarixchilar, iqtisodchilar, siyosatchilar va boshqa olimlar nega jo‘shqin iqtisodiy o‘sish jarayoni aynan XVIII asr G‘arbiy Yevropasida boshlanganligi haqida kitoblar yozdi.
Eng qadimiy va ishonchli izohlardan biri bu Yevropaning uzoq vaqt davomidagi siyosiy tarqoqligidir. Asrlar davomida hech bir hukmdor mo‘g‘illar va Min sulolasi Xitoyni birlashtirgan kabi Yevropani birlashtira olmadi.
Ta’kidlash joizki, Yevropaning muvaffaqiyati — bu Yevropa madaniyati ustunligining natijasi emas.
Yevropa iqtisodiy mo‘jizasi bir nechta yarimtasodifiy omillar tufayli yuz berdi. U ongli ravishda rejalashtirilmagan edi. Biroq u sodir bo‘ldi va bilimlarga asoslangan iqtisodiy o‘sish barqaror jarayonga aylandi.
Bu qanday ish berdi? Tafsilotlarga berilmasak, Yevropaning siyosiy tarqoqligi mahsuldor raqobatga turtki berdi.
Yevropa hukmdorlari eng yaxshi zakovat egalari va hunarmandlar uchun bir-biri bilan raqobat qilardi. Iqtisodiy tarixchi Erik Jons bunday kurashni “davlatlar tizimi” deb atadi.
Bir nechta raqobatchi davlatlarning mavjudligi ilmiy va texnologik innovatsiyalarga imkon tug‘dirdi. 1789-yilgi “Rim imperiyasi parchalanishi va qulashi tarixi” asari muallifi Edvard Gibbon shunday yozadi: “Hozirgi paytda Yevropa 12 ta teng kuchli bo‘lmasa-da, qudratli monarxiya, uchta respublika va ko‘plab kichik mustaqil davlatlarga bo‘lingan”.
Davlatlar o‘rtasidagi raqobat va boshqalarning xatosidan xulosa chiqarish imkoniyati Yevropaga siyosiy avtoritarizmning ko‘plab ko‘rinishlarini chetlab o‘tishga ko‘mak berdi. Gibbon “tinch davrda shuncha serg‘ayrat raqobatchining raqobatidan ilm-fan va sanoat muvaffaqiyatlari tezlashadi”, deb hisoblaydi. Boshqa yozuvchilar, masalan, Devid Yum va Immanuel Kant ham uning fikriga qo‘shiladi.
Davlatlar o‘rtasidagi raqobat ko‘plab muhim iqtisodiy jarayonlar — Buyuk Pyotr islohotlaridan AQShning 1957-yilda Sovet sun’iy yo‘ldoshi uchirilishiga javoban vahimali texnologik mobilizatsiyasiga asos bo‘ldi.
Asosiysi, “davlatlar tizimi” siyosiy va diniy hokimiyatlarning ilm-fanning tarqalishi ustidan nazoratini chekladi.
Bu nazariyaga oshkora qarshilik shundaki, birgina siyosiy tarqoqlik rivojlanish uchun yetarli emasligidadir. Hindiston subkontinenti va Yaqin Sharq, qolaversa Afrika ham o‘z tarixining katta qismini parchalangan holda o‘tkazgan, biroq u yerlarda hech qanday Buyuk boyish yuz bermagan.
Tabiiyki, boshqa omillar ham bo‘lishi kerak. Ulardan biri yangi g‘oyalar va texnologik innovatsiyalar uchun “bozor” o‘lchami bo‘lishi mumkin. 1769-yilda Metyu Bolton sherigi Jeyms Uattga shunday yozadi: “Dvigatelingizni bor-yo‘g‘i uchta okrug uchun ishlab chiqarish o‘rinli bo‘ladi, deb o‘ylamayman; u butun dunyo uchun ishlab chiqarishga arziydi deb hisoblayman”.
Bu tamoyil nafaqat bug‘ dvigatellari, balki astronomiya, tibbiyot va matematika bo‘yicha kitoblar uchun ham o‘rinli edi.
Yevropa yetarlicha integratsiyalashgan g‘oyalar bozorini namoyish etgan. G‘arb o‘qimishli kishilari yangi bilimlar bilan erkin almashgan. O‘rta asr cherkovining roli ham muhim bo‘lgan: “Yevropa” atamasi keng tarqalgunga qadar ham mahalliy aholi o‘zini yagona “xristian dunyosi” deb hisoblagan.
Yevropaning yetakchi zakovat sohiblari muntazam ravishda davlatlar o‘rtasida ko‘chib yurgan. Buni XVI asr Yevropa gumanizmining buyuk ikki vakili biografiyasidan ham yaqqol ko‘rish mumkin. Xuan Luis Vives Valensiyada dunyoga kelib, Parijda ta’lim olgan, hayotining katta qismini Flandriyada o‘tkazgan. Shu bilan bir paytda Oksforddagi Korpus-Kristi kolleji a’zosi bo‘lgan va bir muncha vaqt Genrix VIII ning qizi Meriga ustozlik qilgan. Erazm Rotterdamskiy Lyoven, Angliya va Bazelda ko‘chib yurgan, Turin va Venetsiyada ham bir muddat bo‘lgan.
Zakovat egalari Yevropa bo‘ylab ko‘chib yurar ekan, ularning g‘oyalari yanada tezroq tarqalgan. Ayniqsa, pechat stanogi va ishonchli pochta tizimi paydo bo‘lgandan so‘ng. Galiley va Spinoza kabi g‘oyalar yoritqichlari umummashhur bo‘lgan va mabodo mahalliy senzura ularning asarlari chop etilishini taqiqlashga urinsa, nashr etuvchilarni chet elda osonlik bilan topish mumkin edi.
Galileyning taqiqlangan kitoblari tezda Italiyadan olib chiqib ketilib, protestant shaharlarida chop etilgan.
Yevropaning siyosiy tarqoqligi zakovatli kishilarga g‘oyalar erkinligini ta’minladi. Bu Xitoy yoki Usmon imperiyasida imkonsiz edi. Yevropaning bir burchagida yozilgan kitoblar uning butun hududi bo‘ylab tez tarqalar edi. Ozgina vaqtdan so‘ng ularni hamma joyda mutolaa qilishar, nusxa olishar va muhokama qilishardi. Yevropaning qaysidir nuqtasida yangi kashfiyot ixtiro qilinsa, biroz vaqtdan so‘ng u Yevropaning butun hududida muhokama qilinar va qo‘llanar edi.
Yevropa intellektuallari har qanday tan olingan haqiqatga qarshi chiqishga tayyor edi. Ular birgalikda ochiq, erkin ilm-fanga sodiqlikka qasamyod qilgan edi.
Gibbonning ta’kidlashicha, vatanparvardan farqli ravishda faylasufga Yevropani yagona “buyuk respublika” sifatida qarashga yo‘l qo‘yilar edi.
Natijada yuzaga kelgan ko‘plab madaniy omillar: ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotga ishonch, ilmiy va intellektual innovatsiyalarni tan olishning o‘sib borishi, ratsional va Bekon bilimlariga sodiqlik kabilar Buyuk boyishga olib keldi.
XVII asr “Olimlar respublikasi”ning faylasuf va matematiklari eksperimental ilm-fan g‘oyasini asosiy vosita sifatida qabul qildi va tabiatni tushunish va tasvirlashda asosiy usul sifatida matematikaga murojaat qildi.
Ta’kidlash joizki, ilm-fandagi taraqqiyot nafaqat ochiq transmilliy g‘oyalar bozori tufayli, balki tabiiy falsafa sohasidagi tadqiqotlarga imkoniyat yaratgan yanada mukammal asboblarning yaratilishi bilan bog‘liq edi. Ulardan asosiylari — mikroskop, teleskop, barometr va zamonaviy termometr edi. Ularning barchasi XVII asrning birinchi yarmida ishlab chiqilgan edi. Yanada aniqroq asboblar fizika, astronomiya va biologiyaga ko‘plab yanglish fikrlarni rad etishga yordam berdi.
Tan olishimiz kerakki, Yevropaning Buyuk boyishi uning tarixiy yo‘lidagi muqarrar bosqichi edi. Agar dastlabki shart-sharoitlar boshqacha shakllanganda, Sanoat inqilobi hech qachon yuz bermasligi mumkin edi.
G‘oyalarning ochiq bozori Yevropa maorifi uchun asos bo‘ldi: ilmiy va intellektual taraqqiyotga ishonch siyosiy dasturga aylandi. U ko‘p sonli kamchiliklariga qaramasdan, hamon Yevropa mamlakatlarining siyosati va iqtisodiyotini belgilaydi.
Oxir-oqibatda dunyo hanuzgacha raqobatchi subyektlardan tashkil topgan. G‘oyalar bozori har qachongidan ko‘ra faolroq, innovatsiyalar esa borgan sari tezkor sur’atlar bilan yuz bermoqda. Biz hali taraqqiyotning eng oddiy samarasini ham ko‘rmadik — oldinda esa bizni yanada ko‘proq taassurot qoldiruvchi narsalar kutmoqda.
Izoh (0)