Uz24 O‘zbegim festivali bilan bog‘liq ravishda internetda ko‘tarilgan bahs-munozaralar haqida material e’lon qildi.
Xabaringiz bor, 8-sentabr kuni Milliy TV telekanali jamoasi tomonidan tashkil etilgan O’zbegim milliy qadriyatlar festivali doirasida dunyoda eng katta osh tayyorlandi. Palovning og‘irligi 7,360 tonnani tashkil etdi. Rekordni qayd etish uchun Guinness World Records vakillari: hakam Richard Stenning, tasvirchi Oliver Greynjer, boshlovchi, halqa aylantirish bo‘yicha dunyoning sakkiz karra rekordchisi Marava Vomp O‘zbekistonga keldi.
Tayyor osh shu kunning o‘zida “Muruvvat”, “Saxovat”, qariyalar va nogironlar uylariga hamda festival hududidagi 14 joyda mehmonlarga tarqatildi.
Ushbu yirik tadbir nafaqat mahalliy, balki bir qancha xorijiy OAVda ham yoritildi. Biroq... biroq internet tarmoqlarida tadbirda kuzatilgan ba’zi holatlar ham “yoritilmoqda”-ki, buning natijasida odamlarda turli fikrlar yuzaga kelmoqda. Gap festivalga kelgan odamlarning yarmarkalarda tarqatilgan bepul oziq-ovqat va oshni talashib-tortishayotgani aks etgan videolar haqida. Bu videolarni ko‘rgan internet foydalanuvchilarining ba’zilari xalqimizni “ochofatlik”da, madaniyatsizlikda va boshqa salbiy jihatlarda ayblashga tushib ketdi. Lekin holatga obyektiv qarab, bunday “madaniyatsizliklar” hamma joyda ham bo‘lishi mumkinligini va bunga dalillar yetarlicha ekanligini aytayotganlar ham bor. Misol uchun, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v.b. Sherzod Shermatov shunday deydi:
“Kechagi tadbir davomida olingan ba’zi videolarni ko‘rib darrov xalqimiz haqida salbiy xulosa chiqarayotganlar, umuman o‘zi odamlarni juda ko‘p yig‘ilishi va tekin yoki juda arzon mahsulotlarni tarqatilishida deyarli istalgan davlatda shunday yoki bundan ancha yomon holatlar kuzatilishi mumkinligini inobatga olib qo‘yishsa yaxshi bo‘lardi.
Hatto iqtisodiy rivojlanishi jihatidan bizdan ancha oldinda bo‘lgan AQShda ham deyarli har yili bundan ancha yomon holatlar kuzatiladi.
Masalan:
Yoki:
Bu qimmat narsalar, oddiy ovqat uchun bunday bo‘lmaydi deyilsa, marhamat boshqa ko‘plab misollarni keltirish mumkin:
Moskvadagi rekord salat tarqatilishidagi holat:
Sevastopoldagi rekord salat tarqatilishidagi holat:
Nijnekamskdagi tekin chak-chak tarqatishdagi holat:
Xullas, ovqat qilish bo‘yicha rekord qo‘yish ham, uni aholiga tarqatish ham oson ish emas. Asosiysi, tashkilotchilar qo‘llaridan kelgan barcha ishni amalga oshirdi va O‘zbekiston nomini dunyoda taralishiga yana bir bor o‘z hissalarini qo‘shdi”, — deydi Sherzod Shermatov.
Vazir tadbirga aholining shunchalik ko‘p kelishini, ayniqsa, yosh bolalari bilan birgalikda kelishini mamlakatdagi tinchlik-osoyishtalikka bo‘lgan ulardagi ishonchdan dalolat, deb baholadi.
“Tinchligimizga va aholimiz ahilligiga ko‘z tegmasin. Nafaqat ovqat pishirish bo‘yicha, balki boshqa ko‘plab sohalar bo‘yicha doimo dunyoda yuqori marralarga erishib yurish vatanimizga va xalqimizga nasib bo‘lsin. Barchamiz shunday yutuqlarga o‘z hissamizni qo‘shishga hamda bo‘lishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olishga harakat qilaylik”, — deb fikrini yakunladi vazir.
Vazirning postiga huquqshunos, bloger Xushnud Xudayberdiyev shunday izoh qoldirdi:
“Bunday holat qaysidir millatning emas, insoniyatning muammosi. ‘O‘zbeklar unaqa, o‘zbeklar bunaqa’, deb millatni qoralayotganlar aslida madaniyatdan mosuvo. Insoniyat borki, qisqa vaqtda tugaydigan va soni cheklangan narsalarga shoshiladi, qolganlardan oldinroq olib qolay, deb harakat qiladi. Bu xoh eng rivojlangan davlatda bo‘lsin, xoh eng qoloq davlatda. Xoh eng madaniyati gullagan jamiyat bo‘lsin, xoh eng madaniyatsiz jamiyatda. Muammo insoniyatniki, ayni bir millatniki emas”.
Izoh (0)