Markaziy bank 4-sentabr kuni AQSh dollarining bozor mexanizmlariga muvofiq shakllangan rasmiy kursini belgiladi. Bu qadam ko‘plab gumonlar, xavotir, izoh va bashoratlarni yuzaga keltirdi. Biz bu borada ekspert fikrini eshitish uchun iqtisodchi Yuliy Yusupovga murojaat qildik, deb yozadi “Kommersant.uz”.
— Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan kursga qanday baho berasiz? U bozor kursiga mos keladimi?
— Bozor kursi talab va taklif nisbatidan kelib chiqib yuzaga keladi, shuning uchun bozor kursi qanday bo‘lishini bozor to‘laqonli ishga tushgandan keyin aniqlash mumkin. Kurs valyuta birjasida belgilanishi taxmin qilinmoqda. Jarayon hozircha endi boshlandi. Bozor kursi ancha kuchli o‘zgarib turishi mumkin, chunki talab va taklif ko‘p sonli omillar ta’siri ostida o‘zgarishi mumkin. Bu kurs o‘zgarib turishi mumkin bo‘lgan oraliq bor, albatta. Men uni 7000—8000 darajasida bo‘lishini taxmin qilgandim. Markaziy bank kursni ushbu oraliqning eng yuqori plankasida belgilab, mutlaqo to‘g‘ri yo‘l tutdi, deb hisoblayman. Bu bilan dollarga nisbatan shov-shuvli talabning oldi olindi.
— Yaqin vaqt ichida AQSh dollari kursining sezilarli darajada oshishini kutish mumkinmi?
— Kurs bundan keyin talab va taklif o‘zaro nisbati qanday o‘zgarib borishiga qarab o‘zgarib turadi. Markaziy bank faqat kuchli o‘zgarish bo‘lmasligi uchun aralashib turishini ma’lum qildi. Hozir odamlar dollarni almashtirish uchun banklarga bormoqda, ularni belgilangan kurs qanoatlantirmoqda. Buning natijasida tijorat banklarida dollar serobligi yuzaga kelishi mumkin va kurs biroz pasayishi mumkin. Masalan, 7500 so‘mgacha. Biroq dastlabki paytlarda shov-shuvli talab yuzaga kelishi va kurs biroz ko‘tarilishi (masalan, 8 300 gacha) mumkinligini ham istisno etib bo‘lmaydi. Biroq yaqin vaqt ichida dollarning keskin, masalan 9000 gacha oshib ketishi uchun hech qanday sabab ko‘rmayapman. Qisqa muddatli kelajakda kurs o‘zgarib turishining eng ehtimoli katta oralig‘i: 7 500 — 8 300.
— Iste’mol tovarlari va xizmatlari narxlarining o‘sishi borasida nima deya olasiz? Ularning oshishini kutish mumkinmi?
— Iste’mol tovarlari va xizmatlari narxlarining oshishi qachon yuzaga kelishi mumkin? Import qimmatlashganda, ya’ni import tovarlari va xizmatlari olib kiriladigan kurs devalvatsiyasi yuz berganda. Ikki-uch oy avval bizda rasmiy kurs (1 dollar 4 000 so‘m atrofida), qora bozor kursi (1 dollar 8 000 so‘mga yaqin) va birja kursi (1 dollar 10 ming so‘m atrofida) bor edi. Import iste’mol tovarlarining narxlari ikki kurs: naqdsiz hisob-kitobda — birja kursidan kelib chiqib, naqd hisob-kitobda esa — bozor kursidan kelib chiqib shakllanar edi. Importchi valyutani hatto rasmiy kurs bo‘yicha almashtirish imkoniga ega bo‘lsa ham, u tovarlarni 8 000— 12 000 so‘mlik kursga bog‘liq narxlar bo‘yicha sotar edi. Shunga muvofiq, import tovarlarining aksariyati yangi kursda oshmasligi lozim. Ba’zilari hatto arzonlashishi ham mumkin, hech bo‘lmaganda, ularning narxi ancha vaqt davomida oshmaydi. Bu inflyatsiya yuz bermasligini anglatmaydi. Uning davom etishi ehtimoli yuqori, chunki inflyatsiya sabablari hali bartaraf etilgani yo‘q. Biroq inflyatsiya valyuta bozori liberalizatsiyaga bog‘liq bo‘lmagan ravishda yuz beradi.
— Mobil operatorlar, provayderlar, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi va GM Uzbekistan eski kurs bo‘yicha narxlarni belgiladi. Bu qadam dollarlashuvga qarshi kurashishda samaralimi? Ular bu narxlarni qancha vaqt davomida shu darajada ushlab turishi mumkin, deb hisoblaysiz?
— Bu tovar va xizmatlar so‘mda sotilsa ham, tarifikatsiya rasmiy kurs bo‘yicha dollarda belgilanar edi. Kompaniyalar so‘mdagi tarifikatsiyaga o‘tdi. Narxlar devalvatsiyagacha bo‘lgan kurs bo‘yicha belgilanganligi juda oqilona yechim, aks holda so‘m rasmiy kursi devalvatsiyasi tufayli odamlarning ikki barobar ko‘p to‘lashiga to‘g‘ri kelar edi. Shuning uchun narxlar belgilab qo‘yildi deganda, ularning rasmiy kurs bilan birga oshmasligini tushunish lozim. Biroq bu ushbu tovar va xizmatlar narxlari umuman o‘zgarmasligini anglatmaydi. Ular talab va taklif o‘zgarishi, shuningdek, umumiy inflyatsiyaga bog‘liq ravishda o‘zgarib turadi.
— Bojxona bojlariga yangi kurs va so‘m devalvatsiyasi qanday ta’sir ko‘rsatadi?
— Bojxona bojlari va boshqa bojxona to‘lovlari rasmiy kurs bo‘yicha so‘mda to‘lanadi. Ya’ni ular bilan ham aloqa operatorlari va provayderlari kabi vaziyat — so‘mdagi ifodasi ikki barobar oshishi yuzaga kelishi mumkin edi. Bu esa import tovarlarining narxlari oshishini anglatar edi. Biroq prezident farmonida hukumat bir hafta muddatda bojxona to‘lovlari optimizatsiyasi bo‘yicha taklif tayyorlashi lozimligi ma’lum qilingan. Shuni ta’kidlash lozimki, hukumat bojxona to‘lovlarini qayta ko‘rib chiqish jarayonini liberalizatsiyasiga qadar boshlagan edi: ular pasaytirilgan yoki bir qator iste’mol tovarlari bo‘yicha hatto bekor qilingan edi. Yaqin kunlarda boshqa bojxona to‘lovlarining pasaytirilishi bo‘yicha qarorlar qabul qilinishini kutish mumkin.
— Erkin konvertatsiyaga o‘tish samarali va og‘riqsiz o‘tishi uchun yana qanday jihatlarni e’tiborga olish lozim? Bizda rasmiy bozor kursi bor, konvertatsiya ochiq. Keyingi qadam qanday bo‘lishi lozim?
— Rasmiylar liberalizatsiya davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asosiy og‘riqli lahzalar: bojxona bojlari so‘mdagi to‘lovlarining oshishi, tarifikatsiyasi dollarda amalga oshirilgan tovar va xizmatlar narxlarining oshishini e’tiborga olishga urindi. Bularning barchasi to‘g‘ri. Biroq yana bir muammo bor: bir qator import tovarlarini yetkazib berish monopollashgan. Bu monopoliyalarning katta qismi imtiyozlar: rasmiy kurs bo‘yicha konvertatsiya imkoniyati, soliq to‘lovlaridan ozod qilish tufayli shakllangan. Yoki bunga ma’muriy resurs ishtiroki sabab bo‘lgan. Almashuv kurslarini bir xillashtirish va bojxona to‘lovlarining keskin qisqartirilishi ba’zi ana shunday sohalarda monopoliyani qulatishi kerak. Biroq bu tezkor jarayon emas. Monopoliyalar barbod bo‘lmasdan turib, monopoliyachilar o‘z bozorlarida narxlarni ko‘tarishga urinishi mumkin. Bu kabi sun’iy monopoliya yuzaga kelgan soha va bozorlarda raqobatni kuchaytirish uchun bu masalani o‘ylab chiqish kerak. Bu inflyatsiyani to‘xtatib turish nuqtai nazaridan ham, raqobatni rivojlantirish nuqtai nazaridan ham muhim.
— Qora bozor bunga qanday javob qaytaradi? Valyutafurushlar kursni rasmiy kursdan balandroq ushlab tura oladimi?
— Bugun tadbirkorlar muayyan maqsadlar: import uchun, valyuta qarzini to‘lash uchun (masalan, qurilma xarid qilish uchun kredit) banklar orqali valyutani erkin sotish va xarid qilishi mumkin. Bularning barchasi joriy operatsiyalar bo‘yicha konvertatsiya deb nomlanadi. Aholi valyutani sotishi mumkin, biroq hozircha naqd chet el valyutasini xarid qila olmaydi — faqat kartochkaga. Naqd valyutani xarid qilishni cheklashga kelsak, o‘ylashimcha, bu vaqtinchalik qadam.
Shu tariqa, bozorning asosiy ishtirokchilari valyuta sotish va xarid qilish bo‘yicha ehtiyojlarini banklar orqali qanoatlantirishi mumkin. Faqat aholining naqd valyutaga bo‘lgan talabi qanoatlantirilmayapti. Shuning uchun naqd valyuta kerak bo‘lganlar qora bozorga boradi.
Qora bozor saqlanib qoladi, biroq rasmiy kurs va qora kurs o‘rtasidagi farq minimal bo‘ladi.
— Qora bozorga barham berish va valyuta bozorini to‘liq qonuniylashtirish uchun nima qilish kerak?
— Bu farqni minimumga yetkazish uchun aholining ham naqd dollar xarid qilish imkoniyatini ta’minlash kerak. O‘ylashimcha, biroz vaqtdan so‘ng bu amalga oshadi. Markaziy bank shunchaki ehtiyotkorlik qilib, aholi uchun erkin konvertatsiyani bosqichma-bosqich joriy etishga qaror qildi. Qora bozorga kelsak, u yana uzoq vaqt amal qiladi, biroq ancha kichik ko‘lam va almashuv kursidagi minimal farq bilan.
— Mushtariylar savolidan: “Valyutani yuridik shaxslar, mijozlar va jismoniy shaxslarga sotish uchun banklarni valyuta bilan moliyalashtirish mexanizmi qanday ishlaydi? Banklarga likvidlik beruvchi ishchi bozorsiz banklar yetarlicha valyuta imkoniyatiga ega bo‘lmasligi xavfi mavjud”.
— Agar farmonda va Markaziy bank bayonotida qayd etilganidek amalga oshirilsa, valyuta yetishmovchiligi bilan bog‘liq hech qanday xavf yo‘q. Bu yerda ham boshqa bozorlardagi kabi talab va taklif qonunlari amal qiladi. Valyutani bozorga kim yetkazib beradi? Birinchi navbatda eksportchilar. Ular ishchilarga maoshlarni so‘mda to‘lash, xom ashyo xarid qilish, elektr energiyani to‘lash va boshqa xizmatlar, daromaddan O‘zbekistonda foydalanish uchun valyutani sotishi kerak. Ikkinchidan, bu ishchi migrantlar. Uchinchidan, bu yerda zavodlar quruvchi, xodimlar yollovchi va qurilmalar xarid qiluvchi chel ellik investorlardir. Ular ham valyutani so‘mga aylantiradi. Valyutani taklif qiluvchi asosiy manbalar shular.
Valyutaga talab bor. U kimga kerak? Importchilarga. Chetga dam olish uchun bormoqchi bo‘lgan kishilarga. O‘z jamg‘armalarini chet el valyutasida saqlovchilarga, chunki milliy valyutaga biz hali kamroq ishonamiz.
Talab ham, taklif ham almashuv kursiga bog‘liq: dollar qimmatlashsa, valyuta taklifi oshadi, talab esa tushadi. Va aksincha. Almashuv kursi talab va taklif o‘rtasida muvozanat o‘rnatilgunga qadar o‘zgarib turadi. Boshqa har qanday bozorda bo‘lgani kabi (kartoshka, oyoq kiyim, sartarosh xizmati va boshqalar). Talab taklifga teng bo‘lgan taqdirda, valyuta qanday yetishmasligi mumkin?
— Konvertatsiya joriy etilganligi tufayli iqtisodiyotning dollarlashuvi kuchaymaydimi?
— Iqtisodiyotimiz aynan konvertatsiya yo‘qligi va doimiy valyuta yetishmovchiligi tufayli dollarlashgan. Kvartiralar xarid qilish kabi ko‘plab bitimlar hamon dollarda amalga oshiriladi. Ko‘plab tovarlar rasman dollarlarda sotilgan: aviachiptalar, paxta, ip-gazlama va boshqalar. Mobil aloqa operatorlari va internet-provayderlari tarifikatsiyasining dollarda ekanligi ham dollarlashuvning yuqori darajada ekanligi belgisi. Qo‘shni Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda mobil va internet aloqasi milliy valyutada tarifikatsiya qilinadi. Dollarlashuvning yuqori darajasi aynan valyuta taqchilligi va uni xarid qilish qiyinchiliklari bilan bog‘liq edi. Erkin konvertatsiya dollarlashuvning ko‘plab sabablarini bartaraf etadi. Biroq hammasini emas.
Jamg‘arish vositasi sifatida dollarlarning faol qo‘llanilishining asosiy sababi — nisbatan yuqori inflyatsiya va bank sohasining zaif tijoratlashganligi. Narxlarning oshishi milliy valyutani qadrsizlantiradi va aholi jamg‘armasini chet el valyutasida saqlashni afzal ko‘radi. Banklar esa milliy valyutadagi omonatlarning manfaatli variantlarini taklif etmaydi. O‘ylashimcha, yaqinlashib kelayotgan bank islohoti (u yaqin vaqt ichida boshlanishini bashorat qilaman) banklar imkoniyatlarini kengaytiradi, bank sohasidagi raqobatni kuchaytiradi va banklarni aholi va biznesga moliyaviy so‘m vositalarini taklif qilishga majbur qiladi.
Izoh (0)