8-sentabr, juma kuni “Oʻzbegim milliy qadriyatlari” milliy madaniyat festivali doirasida Toshkentda dunyodagi eng katta palov tayyorlash rejalashtirilgan. Shu kuni “Milliy” telekanali tashkil etilgan kunning bir yilligi munosabati bilan Oʻzbegim festivali boʻlib oʻtadi. Uning doirasida Ginnessning rekordlar kitobi uchun dunyo rekordi oʻrnatish maqsadida sakkiz tonnali palov esa tayyorlanadi.
Ayni paytda rekord o‘rnatishga tayyorgarlik davom etmoqda. Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (“Oʻzstandart” agentligi) mutaxassislari oʻlchov asboblarini barcha zarur sinovlardan oʻtkazdi va bu asboblarga 2017-yilning 16-avgustida 1890-raqamli muvofiqlik sertifikati berildi. Bu haqda agentlikning Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qilindi.
Boshqa rekordlarda boʻlgani singari, unda Guinness World Records’ning rekordlarni qayd etuvchi maxsus komissiyasi ishtirok etib, rekord oʻrnatish uchun zarur barcha mezon va shartlarning bajarilishini kuzatib boradi.
Uning asosiy shartlaridan biri ovqatning ogʻirligini qayd etuvchi, sertifikatsiyadan oʻtgan tarozilarning boʻlishidir.
Shunday qilib, rekord oʻrnatish uchun hamma narsa tayyor.
Izoh (0)