Islom Karimov nomidagi Fondda xorijda tahsil uchun grant sohiblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Lola Karimova-Tillayevaning Facebook’dagi sahifasida ma’lum qilindi.
Islom Karimov Fondining 12 nafar stipendiati keyingi ikki yil davomida Angalt amaliy fanlar universiteti (Germaniya), Rur universiteti (Germaniya), Moskva me’morchilik maktabi hamda Turin politexnika universitetida (Italiya) qayta tiklanuvchi energiya manbalari, mashinasozlik texnologiyalari, shaharsozlik, suv va yer resurslarini boshqarish, tarixiy obidalarni muhofaza etish va qayta tiklash mutaxassisliklaridan magistratura yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oladi.
“Grant sohiblarini munosib g‘alaba bilan muborakbod etib, o‘qishlarida omadlar tilayman. Yevropaning peshqadam oliygohlarida ta’lim olgan kadrlar kelajakda Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shishiga chin dildan ishonaman”, — dedi Karimova-Tillayeva.
Islom Karimov Fondining xorijda tahsil olish uchun granti sovrindorlari: Usmonov Mirusmon, Mirtursinov Madiyor, Asadov Bekzod, Iskandarov Nursulton, Mahkamova Lazizaxon, Qambarov Farhodjon, Tursunaliyev Ulug‘bek, Garder Nik, Mirzaaxmedov Otabek, Usmonov Abdijalol, Nurmamatov Jahongir va Feyzullayev Alim.
Tanlov shu yilning yanvar oyidan may oyigacha o‘tkazilib, unda jami 300 ga yaqin yoshlar qatnashdi.
Izoh (0)