Prezident Shavkat Mirziyoyev “Sharq taronalari” o‘n birinchi xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim ishtirokchilariga tabrik so‘zi bilan murojaat qildi. Murojaat matni O‘zAda keltirildi.
Assalomu alaykum, muhtaram mehmonlar!
Hurmatli festival qatnashchilari!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, siz, azizlarni qadimiy va go‘zal O‘zbekiston zaminida, azim Samarqand shahrida samimiy qutlashga ruxsat bergaysiz.
Barchangizni “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Bugungi marosimda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari, Jahon turizm tashkiloti bosh kotibi Talib Rifai, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlamentlar assambleyasi raisi Kristin Muttonen, Islom hamkorlik tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tuzilmasi — AYSESKO Bosh direktori Abdulaziz Usmon al-Tuvayjri janoblari kabi yuqori martabali mehmonlarimiz ishtirok etayotgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Shuningdek, Islom tarixi, madaniyati va san’atini o‘rganish bo‘yicha xalqaro markaz — IRSIKA bosh direktori Xalit Eren, Xalqaro folklor san’ati tashkilotining Osiyo mintaqasi bo‘yicha Bosh kotibi Mun Xyun Suk, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Nikolayevich Lebedev, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Mixail Yefimovich Shvidkoy, AQSh va Kanadadagi buxorolik yahudiylar kongressi prezidenti Boris Qandov va boshqa qadrli mehmonlarimizni, xalqimizga hurmat ko‘rsatib, mana shunday anjumanlarimizda har safar ishtirok etib kelayotgan diplomatik korpus vakillarini samimiy qutlashdan baxtiyorman.
Fursatdan foydalanib, barcha festival ishtirokchilariga “Xush kelibsiz, Samarqand shahriga, xush kelibsiz, ona O‘zbekistonimizga!” deb yuksak hurmat va ehtiromimizni bildirishga ijozat bergaysiz.
Muhtaram do‘stlar!
Dunyoda qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi o‘ta murakkab zamonda millati, tili va dini turlicha bo‘lgan millionlab odamlarni hech qanday tarjimonsiz do‘st qiladigan, ular o‘rtasida hamkorlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydigan musiqa san’atining o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda.
Shu ma’noda, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining bu yilgi anjumani alohida mazmun va ahamiyatga ega bo‘lib, u festival tashkil etilganiga yigirma yil to‘lgan tarixiy bir sanada o‘tkazilmoqda.
Bugungi quvonchli ayyomda mana shu xalqaro anjumanga asos solgan, uning jahon miqyosida munosib obro‘-e’tibor qozonishi uchun ulkan hissa qo‘shgan insonlarni, ularning unutilmas xizmatlarini chuqur minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.
Bu haqda gapirganda, avvalo, atoqli siyosat va davlat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning aziz xotirasini hurmat-ehtirom bilan yodga olamiz. Islom Abdug‘aniyevich o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrini, uning yuragi bo‘lgan qadimiy Registon maydonini qanchalik buyuk muhabbat bilan sevsa, “Sharq taronalari” festivalini ham shunchalik sevar, qadrlar edilar.
“Sharq taronalari” musiqa festivali o‘zining betakror ruhi va qiyofasi, xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, musiqa san’ati an’analarini asrash, madaniy muloqotni rivojlantirish borasidagi ezgu maqsad-muddaolari bilan qisqa muddatda yuksak darajaga erishdi.
Bu borada siz, azizlar kabi fidoiy tashkilotchi va ishtirokchilarning munosib hissangiz borligini biz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
“Sharq taronalari” festivali 1997-yildan buyon qanday katta yo‘lni bosib o‘tgani, uning o‘ziga xos shakllanish va rivojlanish tarixi haqida ko‘p gapirish mumkin.
Ammo men bu borada faqatgina bitta raqamga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Agar 1997-yilda, dastlabki musiqa bayramida dunyoning 31 ta davlatidan 57 nafar san’atkor qatnashgan bo‘lsa, bu yil 58 ta mamlakatdan 241 nafar mohir xonanda va sozanda ishtirok etmoqda.
“Sharq taronalari” festivali bugungi kunda YuNESKO tomonidan musiqa olamining yirik xalqaro forumi sifatida e’tirof etilgani va bu ibora dunyo bo‘ylab baralla yangrayotgani, hech shubhasiz, uning nufuzi va ahamiyati tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Muhtaram festival qatnashchilari!
Mana shu go‘zal va betakror Registon maydonida turib, o‘zining 2750 yillik tarixi davomida ne-ne voqealarga guvoh bo‘lgan Samarqand shahri shu kunlarda yanada ochilib, jahon musiqa san’atining markaziga, chindan ham “er yuzining sayqali”ga aylanib borayotganiga barchamiz guvoh bo‘lmoqdamiz.
Bundan olti yuz yil muqaddam — buyuk Amir Temur zamonlarida ham yetti iqlimdan eng mohir sozanda va xonandalar yig‘ilib, Samarqand zaminida go‘zal anjumanlar o‘tkazganlari tarixiy manbalardan yaxshi ma’lum.
Mana, oradan shuncha yillar, asrlar o‘tib, yer yuzining manaman degan musiqa ustalari yana azim Samarqandga to‘planib, jahon ahlini beqiyos san’at bayramiga chorlamoqdalar.
Biz siz, aziz mehmonlarimizni dunyodagi turli xalqlarning ma’naviy olamini musiqa orqali ifoda etadigan, ularning salomi va ezgu tilaklarini yetkazadigan tinchlik va do‘stlik elchilari sifatida qabul qilamiz. Sizlar kabi ming-minglab san’at namoyandalarining jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yuksak insoniy ideallarni asrash va mustahkamlash yo‘lidagi olijanob sa’y-harakatlaringizni barchamiz yuksak baholaymiz.
Festival doirasida siz, azizlar o‘z Vataningizning musiqa merosini namoyon qilish bilan birga, bizning shahar va qishloqlarimizda bo‘lib, yurtdoshlarimiz bilan samimiy suhbatlar qilib, o‘zbek xalqining hayoti, uning orzu-intilishlari, mehmondo‘stlik fazilatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.
Bularning barchasi bizning mamlakatimiz va xalqimiz haqidagi tasavvurlaringizni kengaytiradi, sizlar uchun ijod va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman.
Muhtaram festival qatnashchilari!
Barchangizni bugungi san’at va nafosat bayrami bilan yana bir bor tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, anjuman ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.
Aziz do‘stlar, bugun barchamiz ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan qutlug‘ va saxovatli Samarqand zaminida turib, bir maqsadni istaymiz:
Dunyoning barcha o‘lkalarida hayotbaxsh musiqa sadolari doimo yangrab tursin!
Jahondagi barcha insonlar hamisha ahil va inoq bo‘lib yashasin!
Er yuzida tinchlik va hamjihatlik barqaror bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun tashakkur.
Izoh (0)