24-avgust kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish masalalari bilan shug‘ullanuvchi idoralar rahbarlarining to‘qqizinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri R. Djuraev hamda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vaziri V. Puchkovning ikkitomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida R. Djuraev O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada kengayib, mustahkamlanayotganligi, xususan, 1998-yilning may oyida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida fuqaro mudofaasi hamda favqulodda vaziyatlarning olidini olish va oqibatlarini bartaraf etish sohasidagi hamkorlikka oid kelishuv — yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish va oqibatlarini bartaraf etish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganligini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida O‘zbekiston vakillari tomonidan yo‘riqchi-qutqaruvchilarning malakasini oshirish, soha bo‘yicha hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlar olib borish, o‘quv muassasalarining professor-o‘qituvchilari o‘rtasida tajriba almashish, malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, aholini favqulodda vaziyatlarga tayyorlash va o‘qitish, axborot xizmati faoliyatini tashkil etish sohalarida tajriba almashishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, Rossiya hududida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda, ularga zaruriy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish maqsadida, Rossiya Favqulodda vaziyatlarda boshqaruv milliy markazi va O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlarda boshqaruv markazi o‘rtasida yanada faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zaruriyatiga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston FVV va Rossiya Fuqaro mudofaasi, favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish vazirligi o‘rtasida 2018–2019-yillarga mo‘ljallangan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha tadbirlar rejasi imzolandi.
Izoh (0)