Mustaqillik bayramini nishonlash arafasida poytaxtda profilaktik tadbirlar davom etmoqda, deb xabar beradi Toshkent shahar IIBB.
“O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 26 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar hamda favqulodda holatlarni oldini olish maqsadida Toshkent shahri hududida 2017-yil 30-iyul kunidan ‘Tozalash-Antiterror’ tadbiri o‘tkazilib kelinmoqda”, — deyiladi xabarnomada.
Aytilishicha, tadbir davomida hozirgi kunga qadar Toshkent shahar hududida 475532 ta obyekt — ko‘p qavatli uylardagi xonadon, yerto‘la va chordoqlar, hovli-joylar, korxona va tashkilotlar hamda boshqa turdagi obyektlar tekshirib chiqilmoqda.
Tadbir jarayonida giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilinishini bilan bog‘liq bo‘lgan 44 ta jinoyat aniqlanib, 6,963 kilogramm giyohvand moddalar rasmiylashtirib olindi, shuningdek 16 ta fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik qilish jinoyatlari hamda ikkita o‘qotar qurollarni noqonuniy saqlash jinoyatlari aniqlandi.
Tadbir davomida jinoyat sodir etilib, tergov va sud organlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan 90 kishi ushlandi.
Mavze va mahallalarda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash borasida jamoat vakillari bilan birgalikda mahallalarda va korxona tashkilotlarda hamda ta’lim muassasalarida xavfsizlik yuzasidan 1023 ta uchrashuvlar tashkil etildi. Olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida ko‘p qavatli uylarga qo‘shimcha 354 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, 209 ta xonadon Toshkent shahar IIBB xuzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan qo‘riqlovga olindi.
Izoh (0)