15-avgust kuni Ostona shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Saidikram Niyozxo‘jayev boshchiligidagi TIV delegatsiyasi qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘alimjan Qoyshibayev, TIV mas’ul kotibi Anarbek Qarashev bilan muzokaralar davomida davlat rahbariyati ko‘rsatmasiga ko‘ra Ostona shahrida O‘zbekiston elchixonasi binosi qurilishi va Olmaota shahridagi hozirgi diplomatik missiya o‘rnida bosh konsulxona ochilishi bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Bu masala Qozog‘iston Investitsiyalar va taraqqiyot vazirligining qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi ishlari bo‘yicha qo‘mitasida, Ichki ishlar vazirligining migratsiya ishlari bo‘yicha qo‘mitasida va Ostona shahri hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Qozog‘iston poytaxtidagi EXPO – 2017 xalqaro ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi va O‘zbekiston ekspozitsiyasi bilan tanishdi.
Izoh (0)