Hajga avtomobilda yo‘l olgan malayziyalik ziyoratchilar O‘zbekistonga yetib keldi (foto)

Haj ziyoratiga avtomobilda borishga qaror qilgan malayziyalik ziyoratchilar guruhi O‘zbekistonga yetib keldi. Bu haqda Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)” guruhida fotoxabar qoldirilgan.

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta”

“Makkaga yo‘l olgan malayziyaliklar. Bugun Marg‘ilonda ko‘rdim”, — deb fotoxabar qoldirgan guruh a’zolaridan biri. Unda ziyoratchilar ikki yo‘ltanlamasda safarga otlanganini ko‘rish mumkin.

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta”

Guruhning fotoxabarga munosabat bildirgan barcha foydalanuvchilari ziyoratchilarni olqishlagan, ularni kutib olish istagini bildirganlar ham bor. “Ishqilib, bizda benzin bilan bog‘liq muammo duch kelmasa bo‘lgani”, — shu kabi fikr bildirganlar ham yo‘q emas.

Malayziyaning BERNAMA agentligi ziyoratchilar rahbari Xir Oriffinga asoslanib xabar berishicha, O‘zbekistonda ularni 33 yoshli Ilyos Suygunov va 28 yoshli Shahobiddin Yo‘ldoshev kutib olgan.

Ular agentlikka bergan intervyusida o‘zbekistonlik hamrohlaridan juda minnatdorligini bildirgan. Ziyoratchilar guruhi O‘zbekistonda besh kun davomida bo‘lishi, Farg‘ona vodiysidan tashqari, Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlariga ham tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta”

Haj safariga avtomobilda otlangan malayziyaliklar 18-iyul kuni yo‘lga chiqqan bo‘lib, hozirga qadar Tailand, Laos, Xitoy, Qirg‘iziston orqali 10 ming kilometr yo‘l bosgan. Oldinda esa O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron, BAA orqali o‘tadigan yana 6 ming kilometrlik masofa bor.

Avtomobildagi sayohat BAAda yakuniga yetadi. Ziyoratchilar Dubaydan Jiddaga samolyotda uchishni rejalashtirgan.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing