O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov Prezident Shavkat Mirziyoyevning 3-avgust kuni ijodkor va ziyolilar bilan uchrashuviga munosabat bildirdi. Uning bu maqolasi O‘zAda chop etildi.
“Barcha soha kabi san’at ham o‘z holicha taraqqiy eta olmaydi. Buning uchun ijodkorlarga, avvalo, e’tibor va rag‘bat kerak. E’tibor ijod qilish uchun yetarlicha sharoit yaratib berishni, rag‘bat esa san’atkor mehnatini baholash, har bir asarga, har bir rolga fikr, munosabat bildirishni anglatadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 3-avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvida biz bu hayot haqiqatini yanada teran his qildik”, — deb so‘zini boshlaydi san’atkor.
Maktubida Erkin Komilov O‘zbekistonda bugun teatr san’atining rivojlanishi haqida ham fikr yuritdi.
“Bugun nima uchun tom ma’noda yuksak saviyali spektakllar kam? Buning asosiy sababi, avvalo, milliy dramaturgiyamiz va rejissuraning ancha kuchsizlanib qolganida. Afsuski, hozir yetuk dramaturg va rejissorlarimiz barmoq bilan sanarli. Ularning ko‘pi negadir o‘ziga munosib shogird tayyorlamagan. Bugun O‘zbek Milliy akademik drama teatri bosh rejissorsiz ishlayotganining o‘zi ham bu muammo naqadar dolzarb ekanini anglatadi”, — ta’kidladi u.
Uning fikricha, spektakllarda bugungi kun nafasi, odamlarni o‘ylantirayotgan, hayajonga solayotgan jiddiy ijtimoiy muammolar o‘z aksini topishi jamiyatimizdagi illatlarga qarshi kurashishda juda muhim. Chunki xalq bu illatlarga murosasiz bo‘lmas ekan, bunday muammolarning ildizi qurimaydi:
“Prezidentimiz zamonaviy qahramon obrazini yaratish masalasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqqanining sababi shu: san’at omma orqasidan ergashib ketmasligi kerak, aksincha xalqni buyuk maqsadlarga undashi zarur”.
Erkin Komilov bu muammolarni hal qilish borasida o‘z takliflarini berdi.
“Bu borada bir taklifim bor, — so‘zida davom etdi san’atkor. — Mana, bugun milliy telekanallarimiz uchun beqiyos imkoniyatlar yaratilyapti: to‘g‘ridan-to‘g‘ri translatsiyalar ko‘paymoqda. Shundan foydalanib, aziz hamkasblar, kelinglar, spektakllarni ham jonli efirda bir ko‘rsataylik. Spektakldan so‘ng o‘sha sahnaning o‘zida teatr mutaxassislari, tanqidchilar, ijodkorlar bilan sahna asarlarining tahlilini ham qilaylik. Qani endi imkoni bo‘lsa, mamlakatimizning turli burchaklaridan oddiy odamlar ham shu loyihaga ulanib, deylik, teleradiokanalga qo‘ng‘iroq qilibmi yo ijtimoiy tarmoqlar orqali yozibmi, xullas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda spektakl haqida o‘z fikrini ochiq aytsa: «hozirgina mana bu spektaklni tomosha qildim, menga mana bu jihati yoqdi, mana bunisi yoqmadi», desa, bularning barchasi ijodkorlarning xalq bilan muloqoti bo‘ladi-ku! Eng muhimi, bu bilan fikr almashiladi, san’atkorlar yana ham o‘z ustida ishlaydi, ijodiy o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yilmaydi”.
“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvidan katta kuch-quvvat oldik. Bu bizni ko‘plab yangi g‘oyalarga undamoqda. Endi vazifamiz – shu paytgacha san’atimizda yo‘l qo‘ygan xatolarimizni obdon tahlil qilib, istiqlol tufayli qadr topgan milliy sha’nimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, milliy an’analarimiz va ezgu fazilatlarimizni kamol toptirish yo‘lida qo‘lni qo‘lga berib ishlashdan iborat. Ishonamanki, shunda yuksak saviyali, o‘zbek dramaturgiyasi va san’ati asrlarga yetaklab o‘tadigan spektakllar yaratiladi. O‘shanda madaniyat sohasiga mas’ul bo‘lgan rahbarlarimiz bu sahna asarlariga Prezidentimizni ham bemalol taklif qila oladi”, — deb so‘ziga yakun yasadi O‘zbekiston xalq artisti.