O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub yig‘ilishida oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihoni bilan bog‘liq savollarga izoh berdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar qildi.
Abituriyentlar va OTM vakillarining o‘zlari ham test savollarining murakkabligi va chalkash ekanini tanqid qilmoqda. Yaqindagina “O‘zbekiston” telekanalida namoyish etilgan ko‘rsatuvda adabiyotshunos olim Omonulla Madayev ayrim savollarni “farzandi yo‘q odamlar” tuzayotganini kinoya qilib aytib o‘tgandi.
Inom Majidov amaldagi tizimning mukammal emasligini tan oldi, biroq muammolar ular aniqlanishi bilan bartaraf etilishini ma’lum qildi.
“Haqiqatan, test savollarini takomillashgan deb bo‘lmaydi. Biroq ular uzoq yillar davomida almashtirilmaydi, deyish ham noto‘g‘ri. Birinchidan, savollar bazasi har yili kengaytirilmoqda. Ikkinchidan, savollarning o‘zi ham yaxshilanmoqda. Ushbu jarayonda ishtirok etuvchi o‘qituvchi-ekspertlar OTMgacha o‘quv dasturlari doirasiga kirmaydigan savollardan baza tashkil etadi”, — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yil muqaddam barcha fanlar bo‘yicha “chalkash” test savollari tahlili o‘tkazilgan.
“Test tuzuvchilardan tashqari, masala boshqa mutaxassis va ekspertlardan tarkib topgan komissiya tomonidan ham o‘rganildi. Ayrim savollarning izohga muhtoj ekani haqiqat, biroq bu juda kam qismni tashkil etadi. Ular yangilangan va o‘zgartirilgan”, — ma’lum qildi oliy ta’lim vaziri.
Inom Majidov O‘zbekistonda testolog mutaxassislar tayyorlanmasligini, borlari esa katta tajribaga ega emasligini tan oldi:
“Test tuzish o‘ziga xosliklarga ega. Savollarni to‘g‘ri tuzish, shakllantirish kerak”.
Uning fikricha, mutaxassislarning malakasini oshirish uchun ularni, jumladan, yaqinda qayta tashkil etilgan “Iste’dod” fondi yordamida chet elga yuborish kerak.
Bundan tashqari, barcha OTMlardagi yo‘nalishlar bo‘yicha yagona tanlov joriy etish taklifi haqida fikr bildirar ekan, Inom Majidov bu kadrlarning mintaqalar bo‘yicha taqsimlanishidagi muvozanatni buzishi mumkinligini tan oldi.
Vazir quyidagi misolga izoh berdi: abituriyent Samarqand OTMlaridan birida imtihon topshiradi, 160 ball to‘playdi, ammo bu kirish uchun yetarli bo‘lmaydi. Ayni paytda Toshkentda boshqa abituriyent shu yo‘nalish bo‘yicha 140 ball to‘plab, talaba bo‘ladi.
“Bu masala o‘rganilgan. Agar abituriyentlar misolida gapirsak, Samarqand bitiruvchilarining 70–80 foizi shu shaharda ishlashga qoladi, Toshkent yoki Buxoroga ketmaydi. Bu yerda bir masalan hal qilib, boshqa muammo — kadrlarning mintaqalar bo‘yicha taqsimlanish muvozanati bilan to‘qnash kelish mumkin”, — dedi u.
Izoh (0)