Apple iPhone8 ni sentabrda taqdim etishi lozim. Har doim bo‘lgani kabi yangi telefon haqida, u qanday ko‘rinishda bo‘lishi, qanaqa yangiliklar taqdim etishi, qancha turishi to‘g‘risida mish-mishlar ko‘p. Apple’ning o‘zi yangi telefon haqida rasman hech narsa demasa-da, ayfon haqidagi ba’zi ma’lumotlarni Meduza taqdim etadi.
Qanday yangiliklar kutilmoqda?
Yangi ayfonning ekrani telefon yuzasini deyarli to‘liq egallaydi. Unda faqat frontal kamera va dinamik uchun kichikroq maydoncha qolgan. Ekran kengaytirilganligi tufayli “Uyga” tugmasi uchun joy qolmagan. Ayfon korpusi oxirgi modellardagi kabi alyuminiydan emas, shishadan ishlanadi.
Yangi ayfonning taxminiy old va orqa paneli
Ayfonda “Uyga” tugmasi bilan birga (u virtual bo‘ladi) barmoq izi skaneri ham bo‘lmaydi — avtorizatsiya uchun yuzni tanish tizimi qo‘llaniladi. Telefonga ranglarni yorqinroq qilish va batareyani tejash imkonini beruvchi OLED-ekran o‘rnatiladi. Simsiz zaryadka paydo bo‘ladi.
Oxirgi yettinchi ayfon 256 gigabayt maksimum xotiraga ega edi. Yangisining xotirasi undan ham kattaroq bo‘lishi mumkin.
Narxi qancha?
Yangi ayfonning chakana narxi taxminan ming dollarga baholanmoqda. Telefon avvalgi modellardan OLED-ekran, simsiz zaryadka va yaxshilangan kamera tufayli qimmatroq bo‘ladi. Ayfon premial pozitsiyani egallaydi. Yettinchi ayfonning yaxshilangan versiyasi pastroq narxda sotiladi.
Yangi ayfon (o‘rtada) iPhone 7 va iPhone 7 Plus bilan taqqoslaganda
Qachon chiqadi?
Bu noma’lum. Odatda Apple ayfonni sentabrdagi konferensiyasida taqdim etadi. Shu yil ham shunday bo‘lishi ehtimoli yuqori. Biroq uning sotuvi yoki bir necha oyga kechiktiriladi yoki uni yetkazib berish dastlab juda cheklanadi. Mish-mishlarga qaraganda, Apple OLED-displey yetkazib berish bilan bog‘liq muammoga duch kelgan — ishlab chiqaruvchilar Apple’ning talabini qanoatlantiradigan darajada ko‘p ekran ishlab chiqarish imkoniga ega emas. Tahlilchilar sotuv kech boshlanishi hisobiga Apple sentabrda yakunlanadigan kvartal yakunida pastroq foyda ko‘rsatishini taxmin qilmoqda.
Izoh (0)