Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan 15173 xonadon va tashkilot elektr va gaz tarmog‘idan uzildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, viloyatda joriy yil 1-iyun holatiga viloyat bo‘yicha elektr energiyasidan 290 milliard so‘mdan, tabiiy gaz bo‘yicha 73,1 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik vujudga kelgan va uning muntazam oshib borishiga yo‘l qo‘yilgan. Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi tuman-shahar bo‘limlari tomonidan bu qarzdorliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilib, qisqa vaqtda elektr energiyasi bo‘yicha 70,585 milliard so‘m, tabiiy gaz bo‘yicha 24,489 milliard so‘m undirildi.
Elektr energiyasi va tabiiy gazdan 211,955 milliard so‘m qarzdorligi bo‘lgan 218363 iste’molchining manziliga talabnomalar yuborildi, 15173 xonadon va tashkilot tarmoqdan uzildi, elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorligi yuqori bo‘lgan ulgurji iste’molchilarning bank hisobraqamlariga to‘lov talabnomalari qo‘yildi.
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va uning bo‘limlari tomonidan 127 elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’mol qilish borasida hamon huquqbuzarliklar aniqlandi. Buning oqibatida davlatga jami 107,3 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazildi. Byuro xodimlari tomonidan davlatga yetkazilgan moddiy zararning 46,5 million so‘mi undirilib, qolgan 60,8 million so‘mini undirish choralari ko‘rilmoqda. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 112 jismoniy va 9 yuridik shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Izoh (0)