O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov “2017-2021-yillarda mamlakatimizda dermatovenerologiya xizmatini yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” kanali xabar qildi.
Qaror aholi o‘rtasida dermatovenerologik kasalliklarning oldini olish, ularni barvaqt aniqlash, mazkur sohani yanada rivojlantirish hamda dermatovenerologiya xizmatining moddiy-texnik bazasini va kadrlar potensialini mustahkamlash maqsadida qabul qilindi.
Unda dermatovenerologik kasalliklar va ular asoratlarining oldini olish, ularni aniqlash va davolashning zamonaviy usullarini ishlab chiqish va tatbiq etish, jahon standartlari talablarini hisobga olgan holda respublika dermatovenerologiya xizmatining me’yoriy bazasini takomillashtirish, dermatovenerologiya xizmatining tibbiy muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qayta tiklash va mukammal ta’mirlashni amalga oshirish, ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash orqali zamonaviylashtirish, aholining zamonaviy yuqori texnologiyali diagnostika va davolash usullaridan foydalanishini yaxshilash, dermatovenerologik kasalliklarni davolashda yuqori samaraga erishish kabi vazifalar dermatovenerologiya xizmatini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan.
Qarorga muvofiq 2018-yilning 1-yanvardan boshlab viloyat markazlaridan uzoqda joylashgan aholini to‘liq qamrab olishni hisobga olgan holda Bekobod shahri, Denov, To‘rtko‘l va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida tumanlararo teri-tanosil kasalliklari dispanseri, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidagi yuridik shaxs shaklida bo‘lmagan, xodimlar soni 12 shtat birligidan ko‘p bo‘lmagan, dermatovenerologiya va tibbiy kosmetologiya eksperimental ilmiy laboratoriyasi tashkil etiladi.
Eksperimental laboratoriya dermatovenerologiya va tibbiy kosmetologiya sohasida zamonaviy ilmiy yutuqlarni rivojlantirish va sog‘liqni saqlash amaliyotiga tatbiq qilish bo‘yicha muvofiqlashtirish-uslubiy ishlarni, dermatovenerologik kasalliklar va ular asoratlarining oldini olish samarali dasturlarini ishlab chiqish orqali epidemiologik holat monitoringini ta’minlaydi, laboratoriyaning ishlashi va uning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga byudjetdan maqsadli ajratilgan pul mablag‘lari, Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan o‘tkaziladigan ilmiy loyihalar tanlovlari natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar, xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar grantlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga ish yuritadi.
Izoh (0)