Ular og‘zida oltin qoshiq bilan tug‘ilib, ochko‘z, insofsiz va har qanday yo‘l bilan hokimiyatga intiluvchi bo‘lib ulg‘aygan. Yoshligida kambag‘al bo‘lgan bo‘lsa-da, boylikka matonatli mehnat emas, firibgarlik va tanish-bilish ortidan erishgan. Bu kabi qarashlar barchamizga tanish. Ko‘pchilik boylar haqida aynan shunday fikr yuritadi. Bugungi kunda milliarder ilk bor AQSh prezidentiga aylanib, boy va faqirlar o‘rtasidagi farq butun dunyo bo‘yicha o‘sib borayotgan paytda bu kabi miflarga ishonish yanada oson.
Aslida esa barchasi bir muncha murakkab, deb yozadi InsiderPro.
Ular hashamatga ko‘milib yashaydi
Kimdir sizga badavlat bo‘lib ko‘rinsa, uning ishlari siz o‘ylagandek yaxshi bo‘lmasligi mumkin. 1996-yilda chop etilgan “Qo‘shni millioner” kitobi mualliflari Stenli Tomas va Danko Uilyam boyligi 1 million dollardan ortiq bo‘lgan aksariyat oilalar o‘rta sinf vakillari yashovchi tumanlarda istiqomat qilishi va o‘z maqomiga urg‘u beruvchi xaridlarni amalga oshirmasligini aniqlagan edi.
Pul ularni yanada baxtli qiladi
Daromadning oshishi kishini ma’lum bir vaqtga qadar baxtli qiladi. Moliyaviy jihatdan qayg‘urmasdan sevimli ishingiz bilan shug‘ullanish uchun yetarli mablag‘ ishlab topganingizdan so‘ng bundan keyingi daromadning o‘sishi kayfiyatingizni ortiq ko‘tarmaydi. Badavlat kishilar o‘z ishida muvaffaqiyatga erishganligi yoki shunchaki bo‘sh vaqti ko‘proq bo‘lganligi uchun haqiqatda baxtliroq yashaydi.
Ularga boylik meros bo‘lib o‘tgan
Albatta insonning kelib chiqishi ahamiyatga ega, biroq hamma narsani ham belgilamaydi. Butun dunyo bo‘yicha 2 170 milliarderni o‘rgangan Wealth-X tadqiqot kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan 60 foizi pullarni mustaqil ishlab topgan, faqat 20 foizigina meros qilib olgan.
Ular og‘ir mehnat qilmaydi
Tomas Korelli boylar odatlarini besh yil davomida o‘rgandi. U badavlat kishilarning 86 foizi, kambag‘allarning esa bor-yo‘g‘i 57 foizi to‘liq ish kuni, haftasiga 50 va undan ortiq soat ishlashini aniqladi. Boylarning 67 foizi televizorni kuniga bir soatdan kam ko‘rgani holda, kambag‘allarning 77 foizi buning uchun kuniga bir soatdan ko‘p vaqt ajratadi.
Bunga Tesla (NASDAQ: TSLA) asoschisi Ilon Mask yorqin misol bo‘la oladi. U karyerasi boshida haftasiga 100 soat ishlagan bo‘lsa, keyinchalik ish soatlarini haftasiga 80—90 soatgacha qisqartirishga erishdi.
Ularga xonavayron bo‘lish tahdid qilmaydi
Daromadingizdan ko‘p xarajat qilsangiz yoki qaltis investitsiyalar kiritsangiz xonavayron bo‘lasiz — bu boylar va kambag‘allarga birdek daxldor. Aynan qaltis investitsiyalar tufayli Xose Kanseko, Mayk Tayson, Mark Tven va Uolt Disney, Genri Ford kabi omadli biznesmenlar, hatto qachonlardir kazinosini bankrot qilgan AQSh prezidenti Donald Tramp bankrotlik haqida e’lon qilgan.