31-avgust kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh—2018 saralashining 9-turida Xitoy mehmoni bo‘ladi.
O‘FF rasmiy sayti uchrashuv Toshkent vaqti bilan 17:00 da start olishiga oydinlik kiritdi. Bu Xitoy vaqtida 20:00 ni tashkil qiladi.
Xalqaro futbol uyushmasi FIFA Xitoy hamda O‘zbekiston termalari ishtirokidagi o‘yinni Shri-Lanka hakamlariga ishonib topshirdi. Bellashuv referisi — Krishanta Dilan Perera Xettikankanamge. Unga qanotlarda hamyurtlari Priyanga Namal Palliya Guruge hamda Palita Parrakrama Deniye Gedara ko‘maklashadi.
Mazkur trioga Amirliklardan tashrif buyuradigan mutaxassis baho beradi. Komissar esa Vyetnamdan yetib keladi.
Marchello Lippi murabbiylik qilayotgan xitoyliklar nazariy jihatdan JCh—2018 ga yo‘l olish imkoniyatini saqlab turibdi. Bu yo‘lda ular O‘zbekiston termasini mag‘lub etishi shart.
Tomonlarning Toshkentda o‘tgan birinchi o‘yinida Samvel Babayan murabbiyligidagi o‘zbekistonlik futbolchilar 2:0 hisobida zafar quchgandi. O‘sha uchrashuvdan keyin Xitoy futbol federatsiyasi mahalliy bosh murabbiyni iste’foga chiqargandi.
Izoh (0)