Nissan kompaniyasi yangi avlod Leaf elektrokari haqidagi yangi tafsilotlarni oshkor etdi. Model Frankfurtdagi avtosalonda namoyish etiladi, deb eslatadi Motor nashri.
Model e-Pedal tizimiga ega bo‘lib, uning yordamida tezlikni oshirish va tormozlash boshqaruvini faqat bitta pedal yordamida amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Tizim markaziy konsoldagi tugma bilan ishga tushiriladi. U yoqilgach, avtomobilning bo‘ylama harakati uchun faqat akselerator javob beradi. Uning bosilishi tezlikning oshishiga olib keladi. Agar pedal biroz qo‘yib yuborilsa, mashina sekinlasha boradi, oyoq pedaldan butunlay olinsa, mashina to‘xtaydi.
Nissan rasmiylariga ko‘ra, e-Pedal’dan har qanday sharoitda foydalanish mumkin bo‘ladi: mashina qiya turgan taqdirda ham tizim uni to‘liq to‘xtata oladi.