Germaniyaning Myunxen shahrida tahsil olayotgan, shuningdek, kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonliklardan tashkil topgan Uzbek United futbol jamoasi xalqaro turnir g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Hochschule Augrburg institutining o‘zbekistonlik talabasi Abdurashid Nasriddinov “Daryo”ga ma’lum qildi.
Xalqaro turnirga bir necha yillardan buyon München Kickers 06 jamoasi mezbonlik qiladi. 11-bor o‘tkazilgan musobaqada 18 ta jamoa g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
O‘zbekistonliklardan tashkil topgan Uzbek United jamoasi “A” guruhini peshqadam sifatida yakunlab, yarim finalda Germaniyaning FK München jamoasi bilan to‘qnash keldi. Uchrashuv Uzbek United’ning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.
Finalda o‘zbekistonlik muhojirlardan tashkil topgan jamoa Ruminiya ishchilarining FC Angry Birds klubi bilan duch keldi. Uchrashuv asosiy vaqti 0:0 hisobida yakunlandi. O‘yindan keyingi penaltilar seriyasida omad O‘zbekiston jamoasiga kulib boqdi — 2:0. Qayd etish kerak, ruminlar mazkur musobaqada bir necha bor g‘oliblikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi, deb yozdi manba.
Musobaqada Uzbek United hujumchisi Abror Shonazarov 12 ta gol urib, to‘purarlar uchun atalgan sovringa ega chiqdi.
Izoh (0)