Yozda miriqib tomosha qilish uchun 5 ta yangi serial
Yozning uch oyi davomida ko‘pchilik seriallar “ta’tilga chiqadi”, ammo ba’zi yangi shoular namoyish qilinadi. Maqolada yoz mavsumidagi qiziqarli yangi seriallar haqida ma’lumot beramiz.
“Rivyera” (Riviera)
Premyera: 2-iyun
Janr: triller
Rivyera — Lojuvard Sohil (Fransiya)dagi jannatmakon joy. Bu yerda yaqinda millioner Konstantinga turmushga chiqqan Jorjina yashaydi. To‘ylaridan bir yil o‘tar-o‘tmas, uning turmush o‘rtog‘i sirli ravishda halok bo‘ladi. Endi Jorjina ulkan boylikni bir o‘zi mustaqil boshqarishi va qabul qilinayotgan qarorlar uchun o‘zi mas’ul bo‘lishi kerak.
“Tuman” (The Mist)
Premyera: 22-iyun
Janr: qo‘rqinchli film, drama
Stiven King asarining navbatdagi ekranizatsiyasi. Kitobdan farqli ravishda, serial kengroq voqealarni qamrab oladi, shuningdek, unda bir-ikkita yangi personajlar paydo bo‘ladi.
Men shtatidagi kichik shaharchani qo‘rqinchli tuman qoplab oladi. U hech qachon tarqab ketmaydiganga o‘xshaydi. Shahar aholisi tushunib bo‘lmaydigan xavf ostida qoladi: tumanning mohiyatini anglab bo‘lmaydi, yana unda mahluqlar yashaydi.
“Qora harf” (The Bold Type)
Premyera: 11-iyul
Janr: drama
Syujet uchun asos sifatida Cosmopolitan jurnali bosh muharriri Joanna Koulzning hayoti olingan.
Diqqat markazida — Nyu-Yorkning Scarlet jurnali tahririyatida ishlaydigan uch qiz. Ular karyeradan ko‘ra muhimroq narsalar borligini tushunib yetishiga to‘g‘ri keladi.
“Uill” (Will)
Premyera: 12-iyul
Janr: drama
Yosh Uilyam Shekspirning yo‘qotilgan va behuda sarflangan yillariga kutilmagan tarzda nigoh tashlangan. U Londonga yetib kelgach, Angliya teatr olami — o‘zi tasavvur qilganidek, hashamat, nafosat va yaxshi xulq-atvordan iborat emasligini tushunadi.
“Himoyachilar” (The Defenders)
Premyera: 18-avgust
Janr: fantastika, jangari, sarguzasht
Jinoyatlarga qarshi yolg‘iz kurashishdan superqahramonlar zerikdi. Ular jamoaga birlashdi va endi dunyoni makkor jinoyatchilardan qutqarmasdan ilojlari yo‘q. Serialda Jessika Jons, Lyuk Keyj, Temir musht va boshqa qahramonlarni ko‘rish mumkin.