Muqaddam konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya olgan jismoniy shaxslar daromad solig‘i to‘lashdan to‘liq ozod qilingani haqida xabarlar tarqagan edi. Uz24 nashrining bu boradagi savoliga Davlat soliq qo‘mitasi soliq solish metodologiyasi boshqarmasi bosh inspektori Ikrom Allaberganov javob berdi.
“Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 2-bandiga muvofiq, konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi huzuridagi ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhining xulosalari asosida “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur nizomning 5-bandiga asosan litsenziya konsert-tomosha faoliyatining olti reyting guruhi bo‘yicha beriladi:
a) I, II, III, IV reyting guruhlari berilishi:
yakkaxon ijrochi konsertini tashkil etish (bitta ijrochining yakkaxon konsert dasturi);
bitta janrning ikki yoki undan ko‘p ijrochisi ishtirokidagi konsert dasturida ishtirok etish;
turli janrlar yo‘nalishlarining bir nechta ijrochilari ishtirokidagi konsert dasturida ishtirok etish;
OAVda qo‘shiqlar va video kliplar taqdim etish;
to‘ylar, yubileylar va boshqa tantanalarda konsert xizmati ko‘rsatish huquqini beradi;
b) V va VIV reyting guruhlari berilishi to‘y, yubiley va boshqa tantanalarga konsert xizmati ko‘rsatish (restoranlar, barlar, qahvaxonalar va xususiy uylarda to‘y, yubiley va boshqa tantanalarga xizmat ko‘rsatish), shu jumladan, ko‘ngilochar tashkilotlarda (klublar, diskotekalar, restoranlar, barlar va qahvaxonalarda) konsert xizmati ko‘rsatish huquqini beradi.
Litsenziya talabgorining arizasiga ko‘ra, litsenziya umuman faoliyat turiga yoki uning bir qismiga berilishi mumkin.
Nizomning 16-bandiga muvofiq, litsenziya talabgorining litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida to‘lov kunida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida (bugungi kunda 299550 so‘m) yig‘im undiriladi.
Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda to‘langan yig‘im summasi qaytarib berilmaydi.
Vazirlar Mahkamasining qarorida konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun davlat boji stavkalari ham tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar reyting guruhlaridan kelib chiqqan holda, yiliga eng kam oylik ish haqining (EKIHning) I reyting uchun EKIHning 195 baravari miqdorida (bugungi kunda 29206,1 ming so‘m), II reyting uchun EKIHning 98 baravari (14677,9 ming so‘m), III reyting uchun EKIHning 65 baravari (9735,4 ming so‘m), IV reyting uchun EKIHning 40 baravari (5991,0 ming so‘m), V reyting uchun EKIHning 26 baravari (3894,1 ming so‘m) va VI reyting uchun EKIHning 13 baravari (1947,1 ming so‘m) miqdorida davlat bojini to‘laydilar.
Soliq kodeksining 180-moddasi birinchi qismi 8-bandiga asosan, konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litenziyaga ega bo‘lgan shaxslar – ushbu faoliyatdan olingan daromadlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan to‘liq ozod qilinadi.
Ayni paytda shunga e’tibor berish kerakki, konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi lizenziyaga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar faqat konsert-tomosha faoliyatidan olingan daromadlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi. Konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litenziyasiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarning konsert-tomosha faoliyatidan tashqari olgan barcha daromadlari belgilangan tartibda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortiladi.
Izoh (0)