Britaniyalik neyrofiziologlar erkaklar va ayollarning miyasi depressiyaga nega har xil javob berishini aniqladi. Buni ushbu xastalikning og‘ir shakllariga qarshi kurashgan chog‘da inobatga olish lozim, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
“Erkaklar ko‘proq doimiy depressiyadan aziyat chekadi, ayollarga esa axyon-axyonda kayfiyati buzilishi xos. Bundan tashqari, depressiyaning rivojlanishi erkaklarda jiddiyroq oqibatlarga olib keladi, bu oqibatlar giyohvand moddalarga moyillik va o‘z joniga qasd qilish bo‘lishi mumkin”, — deydi Kembrij universiteti xodimi Szi-Yu Chuan.
Uning so‘zlariga qaraganda, jamoa depressiyadagi erkaklar va ayollarning miyasini o‘rgangan. Buning uchun olimlar taxminan 30 nafar o‘smir yigit va 100 qizdan iborat guruh to‘pladi. Ularning yarmi depressiyaning og‘ir shakllaridan aziyat chekar, qolganlari esa sog‘lom edi. Ko‘ngillilar bir qancha oddiy testlardan o‘tishga rozi bo‘ldi, uning doirasida sinaluvchilar ekranda qisqa muddatga paydo bo‘ladigan so‘zni o‘qishi, u ijobiy yoki salbiy ekanligini tushunishi va tegishli tugmani bosishi lozim edi.
Bu test odamda depressiya bor-yo‘qligini tekshirishning an’anaviy yo‘lidir — tushkunlikdagi odamlar odatda sog‘lom individlarga nisbatan so‘zlarning emotsional bo‘yoqlarini aniqlashda qiynaladi. Testlar davomida olimlar ko‘ngillilarning miya faoliyatini magnit-rezonans tomografi yordamida kuzatib bordi.
Bu kuzatuvlar erkaklar va ayollar miyasi ishlashidagi farqlarni ko‘rsatdi. Bu ayollar nega ko‘proq depressiyaga yo‘liqishini, erkaklarda esa tushkunlik nega jiddiyroq oqibatlarga olib kelishini tushuntiradi.
Jumladan, miya po‘stlog‘ining turli zonalaridagi faollik sezilarli darajada farqlanishi kuzatildi. Bundan tashqari, o‘smir yigitlar miyachasidagi nerv hujayralari qizlardagiga nisbatan bir-biri bilan yaxshi bog‘lanmagani aniqlandi.
“Bu nima degani? Kuzatuvlar depressiya yigitlar va qizlar miyasiga butunlay boshqacha ta’sir ko‘rsatishini namoyish etdi. Biz har bir holatni inobatga olib, tegishli davolash metodlarini ishlab chiqishimiz lozim”, — xulosa qildi Chuan.
Izoh (0)